JADIDCHILIK HARAKATINING O‘ZBEKISTON JAMIYATINI MODERNIZATSIYALASHDAGI O‘RNI
Jadidchilik harakati XX asr boshlarida O‘zbekiston hududida yuzaga kelgan va musulmon jamiyatini zamonaviylashtirishga qaratilgan eng muhim ijtimoiy-siyosiy va madaniy islohotlar harakati sifatida tarixda muhim o‘rin egallaydi. Ushbu maqolada harakatning shakllanish sharoitlari, asosiy mafkuraviy yo‘nalishlari va uning o‘zbek jamiyatidagi ta’siri tahlil qilinadi. Jadidlar ilgari surgan “usuli jadid” ta’lim tizimi, milliy matbuot va teatr orqali xalqni ma’rifatga chorlaganlari, jamiyatni uyg‘otishga qaratilgan faoliyatlari ko‘rib chiqiladi.
Maqola asosida tarixiy hujjatlar, jadidlar tomonidan yozilgan maqolalar, maktab dasturlari va sahna asarlari hamda zamonaviy tarixshunoslik manbalari tahlil qilinib, harakatning o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy ahvol bilan aloqasi ochib beriladi. Jadidlar tomonidan ilgari surilgan milliy uyg‘onish, mustaqil fikrlash, diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligi, ayollar huquqlari, matbuot erkinligi kabi g‘oyalar bugungi demokratik va modern O‘zbekiston jamiyatining shakllanishida muhim omil bo‘lgan.
Maqolada, shuningdek, jadidchilik harakatining keyinchalik sovet tuzumi tomonidan bostirilganligi, biroq ularning tarixiy merosi mustaqillik davrida qayta tiklanib, milliy o‘zlikni anglash jarayonining ajralmas qismiga aylangani qayd etiladi. Harakat o‘zbek xalqining ma’naviy uyg‘onishiga, madaniy taraqqiyotiga va davlatchilik g‘oyalarining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan. Jadidlarning mehnati va jasorati nafaqat tarixiy ahamiyatga, balki bugungi kun yoshlariga ham katta ma’naviy saboq bo‘lib xizmat qiladi.