ISLOM TA’LIMOTIDA AYOLLARNING ERKINLIKLARI VA IJTIMOIY MAS’ULIYATLARI
Turli sabablarga ko`ra, ayollar masalasi Islomga qarshi ta`na toshi otishning asosiy nishonlaridan biriga aylanib qolgan. Hatto ba`zi musulmon ulamolar "Ayollar masalasi Islom ummati ko`ksiga sanchilgan zaharli xanjar", deb aytishga majbur bo`ldilar. Bu masala bo`yicha ko`plab kitoblar, maqolalar yozilgan, xutbalar, mav`izalar qilingan. Albatta, bizning bu masalaga ortiqcha to`xtashga imkonimiz yo`q. Ikkinchidan, Islom, o`z ta`limotlariga xilof qilish oqibatida kelib chiqqan noto`g`ri holatga javob berishga majbur ham emas. Eng muhimi, Islom hech kimning himoyasiga muhtoj ham emas. Faqat, tushuna olmay turgan kishilarga tushunganlar yordam berishi qabilida ish tutish mumkin, xolos. Islomdan oldin ayol kishi nafaqat huquqlari poymol qilinishiga, balki insonlik darajasidan mahrum qilinishiga mahkum qilingan edi. Misol uchun, Islom dastlab paydo bo`lgan yurt va zamonda qiz bola tug`ilgan oila motam tutar va keyinchalik or-nomus va iqtisodiy qiyinchilikka sabab bo`lmasin deb, qizni tiriklayin ko`mib yuborilar edi.