O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BYUDJET KODEKSINI TAKOMILLASHTIRISH MASALALARI
Ushbu ilmiy maqolada O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksining amaldagi holati chuqur tahlil qilinib, uni takomillashtirish zaruriyati dolzarb masala sifatida ko‘rib chiqiladi. Hozirgi bosqichda iqtisodiy islohotlar sur’ati ortib borayotgani, moliyaviy boshqaruvda ochiqlik va samaradorlikka bo‘lgan talab kuchayayotgani byudjet kodeksining ayrim normalari eskirganligini ko‘rsatmoqda. Xususan, maqolada fiskal siyosatni zamonaviy standartlarga moslashtirishdagi mavjud to‘siqlar, byudjet prognozlarining aniqlik darajasi pastligi, byudjet intizomi va nazorat tizimlarining zaifligi, mahalliy byudjetlar moliyaviy mustaqilligini ta’minlashdagi muammolar atroflicha asoslab beriladi.
Tahlil natijalariga tayangan holda muallif quyidagi yo‘nalishlarda takomillashtirish choralarini taklif etadi: o‘rtacha va uzoq muddatli byudjet rejalashtirish tizimini joriy qilish, “Performance budgeting” (natijadorlik asosidagi byudjetlash) mexanizmlarini shakllantirish, “fuqarolik byudjeti” asosida aholining byudjet jarayonlarida ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, byudjet ma’lumotlarining raqamli platformalarda ochiq va shaffof tarzda yuritilishini ta’minlash. Maqolada ilgari surilgan tavsiyalar O‘zbekiston moliyaviy boshqaruvi va byudjet siyosatini xalqaro standartlarga mos ravishda isloh qilishga xizmat qiladi.