`
132
O‘TKIR HOSHIMOV HIKOYALARIDA XALQ MAQOLLARINING AKS ETISHI
Urazbayev Muratbay Amanbayevich
Ajiniyoz nomidagi Nukus DPI 10.00.02 O‘zbek adabiyoti ixtisosligi
1-bosqich tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15638603
Annotatsiya:
Mazkur maqolada O‘tkir Hoshimov hikoyalarida uchraydigan xalq
maqollari, iboralar, urf-odatlar borasida atroflicha mulohaza yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
Xalq og‘zaki ijodi, hikoyachilik, maqol, ibora.
XX asr o‘zbek adabiyotining aksariyat yozuvchilari ijodida xalq og‘zaki ijodi namunalarini
ko‘rishimiz mumkin. Shu jumladan, O‘tkir Hoshimov ham bundan mustasno emas. U shu kunga
qadar qirqdan ortiq qissa, hikoya va romanlarni yaratdi. Adib o‘z asarlarida asosan, xalq og‘zaki
ijodidan ham unumli va o‘rinli foydalana olgan. Shuningdek, folklordan foydalanish orqali xalq
hayotini, orzu-istaklarini, tuyg‘u-ehtiroslarini, shodlik-alamlarini, mehri va qahrini, boy va
go‘zal ma’naviy olamini ochib bera olgan. Folklordagi milliy va xalqchil bo‘yoqlar, maishiy
detallar bilan o‘z asarlarini boyitgan.
O‘tkir Hoshimov o‘zining har bir asarida folklorning u yoki bu namunasini qo‘llaganligini
ko‘ramiz. Masalan, maqol, qo‘shiq, iboralar, afsona va rivoyatlar, ertaklar, marsiyalar. Ushbu
janrlar folklorning katta ahamiyatga ega bo‘lgan janrlari hisoblanib, adib o‘z hikoyalarida bu
kabi folklor janrlaridan unumli foydalana olgan. Uning bir qator hikoyalari mazmuniga folklor
janrlarining uyg‘unlashib ketganini kuzatish mumkin.
Darvoqe, o‘zbek folklorining ayni kunlarda eng ko‘p va faol ishlatiladigan ommaviy
janrlari bu shubhasiz xalq maqollari va iboralaridir. O‘zbek xalqi bisotida variantlari bilan 30
mingga yaqin maqol bo‘lib, ular g‘oyaviy hamda mavzu jihatdan boy va rang-barangdir.
O‘tkir Hoshimov bir qator hikoyalarida maqol va iboralarni mahorat bilan qo‘llagan. Bu
orqali u xalqning asriy tajribalari, pand-nasihatlarini o‘zida ifodalagan qimmatli asarlarini
yaratdi. Adib o‘z hikoyalarida vatanparvarlik, mardlik, qahramonlik, mehnatsevarlik, do‘stlik,
vafodorlik, ilm-hunar o‘rganish kabi olijanob fazilatlarni ulug‘lagan. Shunday fazilatga ega
bo‘lgan qahramonlarni dunyoga kelishida bor mahoratini ishga solgan. Bundan tashqari
hikoyalarda keltirilgan maqol va iboralarda qo‘rqoqlik, nodonlik, yomonlik, egrilik, umidsizlik,
yolg‘onchilik yalqovlik, ochko‘zlik, ta’magirlik kabi illatlarni qoralagan.
Ma’lumki, maqol - ajdodlarning hayotiy tajribalari, jamiyatga munosabati, tarixi, ruhiy
holati, etik va estetik tuyg‘ulari, ijobiy fazilatlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Ular asrlar
davomida xalq orasida sayqallanib, ixcham va sodda poetik shaklga kelgan. Maqol hajmi qisqa
bo‘lib, keng ma’noni ifodalovchi xususiyatga ega. Ular ko‘pincha tarixiy voqealar, hodisalar
ta’sirida yuzaga keladi va xalq hayotining turli tomonlarini o‘zida ixcham shaklda ifodalaydi.
Yozuvchi bir necha hikoyalarida ham ana shu mavzuda qalam tebratdi. Unda xalq og‘zaki ijodi
namularidan maqol va iboralarni asar qahramonlari xarakteriga mos tarzda keltirib, asarning
qiziqarli chiqishiga erishdi. Masalan, “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasini olaylik. Ushbu
hikoyada urushning og‘ir yillari yashash qiyin bo‘lgan davr tasviri berilgan. Asarda Shoikrom,
uning oilasi, onasi Umri xola, sil kasalidan qiynalib yotgan ukasi Shone’mat hayoti tasvirlangan.
O‘sha mash’um ikkinchi jahon urushi butun dunyo bo‘ylab o‘z ofat urug‘ini sochishga ulgurgan.
Buning oqibatida qanchadan-qancha oilalar boshpanasiz, otasi, akasi yoki ukasidan ayrilgan,
`
133
shuningdek, qahatchilik zamoni kelgan edi. Mazkur hikoyada Shoikrom obrazi orqali
yo‘qchilikning bir ko‘rinishini o‘zi foydalangan maqol va iboralar orqali gavdalantirgan.
“Kambag‘alning ekkani unmaydi”,[3.658] - maqoli orqali qahatchilikning yuzaga qalqib chiqqan
ko‘rinishi ifodalangan. Shoikrom ma’lum bir sababga ko‘ra urushga borolmay qolgan edi.
Uylanganidan bir yil utib urush boshlangan, uch kizning otasi. Kundan-kunga ahvol og‘irlashib
borar, “yomon”lar ko‘paygani sababli bittayu-bitta sog‘in sigirlarini o‘g‘irlatib yuborishgan.
Aksiga olib ukasi Shone’mat sil kasali bilan og‘rigani tufayli uch oydan buyon shiftga tikilib
yotardi. Adib mazkur hikoyasi orqali sovuq urush soya solgan o‘tmish kunlarini tasvirlab
berishda maqol va iboralarni o‘rinli qo‘llashga harakat qilgan. Urush tufayli hayot
og‘irlashishini “Suv qalqisa, loyqasi yuqoriga chiqqanday”, [3.660] degan iborani keltirish bilan
og‘ir hayot ta’sirida yomonlar ko‘payishiga ishora qilgan. Umri xola o‘lganidan keyin Shone’mat
bir qanotidan ayrilganini “Sut ichmay zahar ichsam bo‘lmasmidi”, [3.664] -iborasi bilan o‘z ichki
kechinmalarini bildirgan. Sovuq urush hammaga birday ko‘lanka tashlagani, Umri xola esa shu
urushning so‘nggi qurboni bo‘lgani hikoyada o‘z aksini topgan. Bu hikoyasida adib folklorning
qadimiy janrlaridan bo‘lgan maqol va iboralardan foydalanib, ijtimoiy va ma’naviy hayotning
ba’zi ko‘rinishlarini ochib berishga harakat qila bilgan.
O‘tkir Hoshimov boshqa bir qator hikoyalarida ham xalq maqollarini keltiradi. Masalan,
“Quyosh tarozisi” hikoyasida asar qahramoni Murodjonning Nasibaga aytgan quyidagi gapida
“Yigit kishiga qirq hunar ham oz”, - degan xalq maqolini qo‘llash orqali asardagi qahramonning
o‘z turmush o‘rtog‘i baxti uchun har qanday og‘ir mehnat qilishga tayyor ekanligini aks ettirgan.
Ushbu asarda birgina maqol ishlatilgan bo‘lsa-da, keng ma’noni anglatib turibdi. Adib aynan shu
maqolni qo‘llash orqali asarning butun bir hayotiy ifodasini zo‘r mahorat bilan gavdalantirib
bergan. Murodjon ko‘z oldiga keltirgan orzusiga xotini Nasibani ham sherik kiladi. Turmush
o‘rtog‘i tasvirlab bergan manzara keyinchalik Nasibaning ko‘z o‘ngida gavdalana boshlaydi. O‘z
rafiqasining baxtli bo‘lishi, turmushi to‘kin-sochin bo‘lishi uchun “kechki smenadagi
navbatchiligi” ko‘payib ketadi. Bundan shubhalanib, gap nimadaligini bilish uchun Nasiba
Murodjonni izlab borganda, u bir dalada g‘isht quyayotgan bo‘ladi. Eri haqida noto‘g‘ri
xayollarga borgan Nasiba yig‘lab yuboradi. Chunki Murodjon “Yigit kishiga qirq hunar ham oz”,-
degan maqolni aytadi. Adib ushbu asar orqali oilada o‘zaro ishonch, mehr-oqibat, ahil turmush
bo‘lishida mehnat va uning rohati katta o‘rin tutishini ta’kidlagan.
O‘tkir Hoshimovning yana bir hikoyasini mutolaa qilish jarayonida unda ishlatilgan bir
maqolga diqqat qaratishimiz kerak. “
Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga...
” Bu maqolni
“Hotam - xasisning xazinasi” hikoyasida ham uchratgan edik. Adib nima maqsadda “Dard”
hikoyasida ham xuddi shu maqolni ishlatganligini ko‘rib o‘tadigan bo‘lsak, asar qahramoni
Muxtorjon onasi Saltanat ayaga armiyadan kelgunicha zerikmasligi uchun biron narsa bilan
ovunib turishi uchun o‘rik tagidagi bir parcha yerni chopib, shu yerga piyoz sepib ketgan edi.
Muxtorjon armiyaga ketgan, endi esa qaytayotgan edi. Shunda Saltanat aya o‘g‘lini shu piyozni
sepayotgan holatini eslaydi. O‘shanda kulib, “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga...
Kaftday joyda dehqonchilik qilib qayoqqa borarding, bolam”,[3.349] degandi. Bu bilan adib o‘z
qahramoni tasvirida boylik, xasislik to‘g‘risida emas, balki mehnat, halollik ta’siri haqida fikr
yuritgan. Bundan tashqari, bu hikoyada yana bir qator maqol va iboralarni adib o‘z o‘rnida
qo‘llagan. Shuningdek, asarda “Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi”[4.355], maqoli ham
qahramonlarning ichki dunyosini tasvirlab berishda katta ahamiyatga ega. Asar
`
134
qahramonlaridan biri Bonu savdo-sotiq bilan tirikchilik qiladi. Yuqoridagi maqol ana shu
Bonuning atlasni qimmatga pullayotgan paytida aytgan so‘zi bo‘lib, qahramon ichki dunyosi
yoritilgan. Chunki u savdolashayotgan chog‘ida o‘zini beva-bechoradek ko‘rsatishga
odatlangan. Natijada undagi bunday “dard” ham asar sarlavhasiga munosib tarzda qo‘llangan.
Adib bu hikoyada ko‘proq muhitning past-balandiga, bosh qahramonning obrazi orqali, sof,
toza qalb egalarining ruhiy kechinmalarini maqol, iboralar yordamida ochib bergan.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Dilbar Hasanova. O‘zbek hikoyachiligi va uning taraqqiyot yo‘li. “Eurasian Journal Of
Academic Research” , 2023.
2.
Nilufar Xajikurbanova.Hozirgi adabiy jarayondagi hikoyalar badiiyati, Science and
innovation international scientific journal, ISSN:2181-3337, №4 2022, -bet 103.
3.
Ҳошимов Ў. Сайланма: 2 жилд. I-ж. Нурли дунё (Дунёнинг ишлари: қисса. Нур борки,
соя бор: роман. Тушда кечган умрлар: роман. Хикоялар). -Т.: Шарқ, 1998
4.
Ҳошимов V. Баҳор қайтмайди: Сайланма. Қисса ва ҳикоялар. Т.: F.Ғулом номидаги
Нашриёт-матбаа бирлашмаси, 1992.
