1170
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
“LISON UT-TAYR” DOSTONIDAGI YETTI VODIY TAVSIFI
Hamrayeva Nargiza Hasan qizi
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi.
Boysoatov Muzaffar Bo'ri o'g'li
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o'qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14784471
Annotatsiya.
Ushbu maqolada
hazrat
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi
yetti vodiy tavsifi haqida so‘z boradi. Ushbu doston o‘zbek mumtoz adabiyotining durdonalaridan
biri bo‘lib, unda tasavvufiy-falsafiy g‘oyalar ramziy shaklda ifoda etilgan.
Tayanch so‘zlar:
Lison ut-tayr, yetti vodiy, Talab, Ishq, Ma’rifat, Istig‘no, Tavhid, Hayrat,
Faqr va Fano, tasavvuf, ilohiy haqiqat, ruhiy kamolot, ma’naviy komillik.
DESCRIPTION OF THE SEVEN VALLEYS IN THE EPIC POEM
“LISON UT-TAYR”
Abstract.
This article discusses the description of the seven valleys in the epic poem “Lison
ut-tayr” by Hazrat Alisher Navoi. This epic poem is one of the masterpieces of Uzbek classical
literature, in which mystical and philosophical ideas are expressed in a symbolic form.
Keywords:
Lison ut-tayr, seven valleys, Desire, Love, Enlightenment, Aspiration,
Monotheism, Love, Poverty and Extinction, Sufism, Divine Truth, Spiritual Perfection, Spiritual
Perfection.
ОПИСАНИЕ СЕМИ ДОЛИН В ЭПОСЕ «ЛИСОН УТ-ТАИР»
Аннотация.
В данной статье рассматривается описание семи долин в эпической
поэме Хазрата Алишера Навои «Лисон ут-таир». Этот эпос является одним из шедевров
узбекской классической литературы, в котором в символической форме выражены
мистические и философские идеи.
Ключевые слова:
Лисан ут-таир, семь долин, Желание, Любовь, Просветление,
Поиск, Единобожие, Любовь, Нищета и Вымирание, Суфизм, божественная истина,
духовное совершенство, духовное совершенство.
“Lison ut-tayr” Alisher Navoiyning umrining so‘nggi pallasida, 1499-yilda yozilgan yirik
irfoniy doston bo‘lib, dostonning yozilishi sababi haqidagi bobda berilishicha, bolaligida ustozi
yosh Alisherga Qur’oni karim suralarini yodlatish barobarida zehni tez va tab’i ravon bo‘lishi
uchun “Guliston”, “Bo‘ston”, “Mantiq ut-tayr” kabi kitoblarni ham o‘qitib turgan. Bularning
orasida ayniqsa, “Mantiq ut-tayr” bo‘lajak shoirga qattiq ta’sir qilib, xayolchan va odamovi bo‘lib
1171
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
qoladi. Ota-onasi bunda, xavotirga tushib, kitobni yashirib qo‘yishadi. Dostonni deyarli to‘liq yod
bilgan Alisher endi sevimli kitobini ko‘nglida yashirincha takrorlab yurishga odatlanadi”
1
.
Hazrat Navoiy “Lison ut-tayr” orqali turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini yuksak darajada
namoyon etib, tasavvufning murakkab g‘oyalarini keng ommaga tushunarli va ta’sirchan taqdim
etilgan. Asarda har bir qahramon – qushning ramziy xarakteri va ularning Simurg‘ni izlash
yo‘lidagi sayohati insonning ma’naviy kamolotga intilish jarayonini ifodalanadi. Ushbu doston
faqat badiiy asar emas, balki falsafiy-fikriy meros sifatida ham ulkan ahamiyatga egadir. Har bir
qush insonning ma’naviy fazilatlari yoki kamchiliklarini ifodalaydi, Yetti vodiy esa ma’naviy
o‘sish bosqichlaridir. Bu ma’naviy o‘sish insonga xos bo‘lib, qushlar orqali ramziy ifoda etilgan.
Insonga nasihat qilish uchun hayvon va qushlardan foydalanish sharq mumtoz adabiyotining
muhim jihatlaridan biri hisoblanadi.
Hudhud Simrug‘ni izlash yo‘lidagi qiyinchiliklari haqida qushlarga hikoyalar aytib beradi.
Hudhud qushlarga haqiqiy manzilga yetish uchun Yetti vodiyni bosib o‘tish kerak
ekanligini aytadi va bu vodiylarning har biri o‘ziga xos sinovlar va ruhiy poklanish bosqichlaridan
iboratligini tushuntiradi. U Simurg‘ni izlash yo‘lidagi qiyinchiliklarni va har bir qushning o‘z
nafsini yengishi zarurligini ta’kidlaydi. Safar boshlanishida qushlar o‘zlarining zaifliklari,
qo‘rquvlari va dunyoviy bog‘liqliklari tufayli ikki o‘rtada qolishadi.
Bulbul dunyoviy muhabbatga, go‘zallik va ohangga bog‘langan. Tovus jannatga qaytishni
orzu qiladi, bu esa dunyoviy baxtni afzal ko‘rishni ifodalaydi. To‘tiqush abadiy hayot istagini
ifodalaydi va o‘limdan qo‘rqadi. Boyqush boylikka va moddiy xazinalarga bog‘langan. Burgut
balandlik va kuchni qadrlaydi, shon-sharafga mahkam bog‘langan. Hudhud bu bahonalarga qarshi
falsafiy javoblar beradi va ularga dunyoviy istaklarning vaqtinchalik ekanligini, haqiqiy maqsad
esa ilohiy haqiqatga yetishish ekanini tushuntiradi. Hudhud har bir qushga Yetti vodiy orqali o‘tish
uchun ruhiy va aqliy kuch kerakligini tushuntiradi. Bu vodiylarga yetib borish va ulardan o‘tish
uchun qushlar nafs, qo‘rquv va dunyoviy bog‘liqliklarni yengishi kerak bo‘ladi. Hudhudning
gaplari ularni maqsad sari ruhlantiradi va Simurg‘ni izlashga bo‘lgan ishtiyoqni oshiradi. Shunday
qilib, vodiylarga kirishdan avval qushlar o‘z hayotlarini va maqsadlarini qayta ko‘rib chiqadilar.
Bu holat ularning haqiqiy izlanish uchun tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, ma’naviy safarning
boshlanishini belgilaydi.
1.
Talab vodiysi
-– qushlarning Simurg‘ vasliga talabgorligi bilan bog‘liq bo‘lib, Navoiy bu
vodiyga shunday ta’rif beradi:
1
Alisher Navoiy. Lison ut-tayr. – Toshkent, 2019. – B. 171.
1172
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
“Chun talab vodiysig‘a qo‘ysang qadam,
Ollingg‘a har dam kelur yuz ming alam.
Molu mulku har nedur solikka band,
To‘rt takbiri fano urmoq baland.
Ul yorug‘lug‘ shavq o‘tin tez aylagay,
Kim talab raxshin sabukxez aylagay.
Ajdahodin yetmagay ko‘nglungda ranj,
O‘yla bo‘lmish bo‘lg‘ay ul mash’uf ganj”
2
.
Talab vodiysi haqiqatni izlash yo‘lidagi birinchi bosqich bo‘lib, bu yo‘l azob va
mashaqqatlar bilan to‘lib-toshgan edi. Bu vodiyni bosib o‘tuvchi solik dunyoviy orzu-havaslardan,
mol-dunyodan, shuningdek, kufr va iymondan voz kechib, faqat haqiqatga intilish ishtiyoqi bilan
yo‘lga chiqishi kerak bo‘ladi. Yo‘ldagi barcha qiyinchilik va to‘siqlarni ortda qoldirgan kishi
ilohiy nurga yetishadi. Bu nur solik qalbida shavq alangalatadi va maqsad sari intilishni
kuchaytiradi. Haqiqiy talabni topgan kishi uchun mashaqqatlar osonlashadi, tog‘lar daladek,
yirtqichlar esa chumolidek ko‘rinadi. Nihoyat, bu bosqichda kufr va iymondan yuqori darajaga
erishilib, solik ilohiy haqiqat sari bir eshikni ochadi va ilohiy birlikka yo‘l oladi. Talab vodiysi
insonning haqiqat sari bo‘lgan izlanishining boshlanishi va asosiy sharti sifatida tasvirlanadi.
Bir qudratli podshoning go‘zal va zebo o‘g‘li bor edi, uning husni va qaddiga butun olam
maftun edi. Shahzoda bir kuni sahroda xalq orasida ishq tufayli zor va beqaror bo‘lib yotgan ikki
oshiqni ko‘rib, ularni huzuriga olib kelishni buyuradi. Shahzoda ulardan birini zindonga tashlatadi,
ikkinchisini esa itboqarlik xizmatiga tayinlaydi. Ikkisi ham qiyinchiliklar va mashaqqatlarga
bardosh berib, ishq yo‘lida sodiqliklarini saqlab qoladilar. Zindondagi oshiq qamoqda bo‘lsa ham,
shohning ishqi bilan o‘zini baxtiyor his qiladi. Itboqar oshiq esa, shohning itlariga xizmat qilishni
sharaf deb biladi. Ularning sadoqatli va fidoyi so‘zlarini yashirincha eshitgan shahzoda bundan
xursand bo‘ladi va ularni yuksak darajaga ko‘tarib, eng yaqin mahramlariga aylantiradi.
Hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa shuki, sadoqat, fidoyilik va ishq yo‘lida
qiyinchiliklarga sabr qilishning ilohiy haqiqat sari eltuvchi yo‘l ekanini ko‘rsatadi. O‘z talabida
qat’iyatli va ixlosli bo‘lgan kishi oxir-oqibat maqsadiga erishadi.
2. Ishq vodiysi
– bu vodiyda qushlarning qalbini Simurg‘ning ishqi band etadi, ular
o‘zlarini va dunyoni unutadilar.
“Chun Talab vodiysini qilding tamom
Quyg‘ung ul dam Ishq vodiysig‘a gom.
2
“Lison ut-tayr” Alisher Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
1173
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
Ishq keldi masha’li getifuro‘z,
Dema mash’al shu’layi ofoqso‘z.
Ishq aro har kimsa darxur bo‘lmag‘ay,
O‘tqa loyiq juz samandar bo‘lmag‘ay.
Kuymagan ishq ichra ermas ishqboz,
Oshiq ermas, ulki ermas jongudoz”
3
.
Ishq vodiysi solikning talab vodiysini bosib o‘tganidan keyingi bosqich bo‘lib, u insonni
ilohiy haqiqatga yanada yaqinlashtiradi. Ishq – so‘nmas mash’al, butun olamni yorituvchi va
yondiruvchi qudratdir. Ishqqa faqat mard, jasur va fidoyi kishilar munosibdir. Bu yo‘lda inson o‘z
nafsidan kechib, yonib-yonib maqsad sari intiladi. Ishq yo‘lida bo‘lish parvona kabi yonish va
o‘zini qurbon qilishni talab qiladi. Garchi tashqi go‘zallikka ega bo‘lgan kapalak chiroyli ko‘rinsa-
da, u parvona kabi yonishga qodir emas. Shuningdek, ishq yuki har kimga ham yengil emas; ishq
o‘z yo‘liga sadoqatli va pok oshiqni talab qiladi. Haqiqiy oshiq uchun ishq yo‘li sabr va mashaqqat
yo‘li bo‘lib, u nafaqat ko‘ngilni, balki butun vujudni yonib-kuyishga undaydi. Ishqning otashi
inson qalbini ajdar nafasi kabi butkul yondiradi, uning qalbida yonish chaqmoq singari kuchli
bo‘ladi. Kimki ishq olovida yonishga tayyor bo‘lmasa, uni haqiqiy oshiq deb hisoblab bo‘lmaydi.
Ishq vodiysi – bu fidoyilik va o‘zlikni qurbon qilish pog‘anasidir. Unda solik o‘z jonini
maqsad yo‘lida fido qilib, yorning ilohiy nuriga intiladi. Haqiqiy ishqni faqat o‘zini butunlay
berishga tayyor bo‘lgan oshiq his qila oladi. Ishqning mohiyati – bu o‘rtanish va o‘zlikdan
kechishdir. Inson o‘zlikdan kechsagina haqiqiy ishqqa yetishadi.
Mazkur vodiy tavsifi uchun Hazrat Alisher Navoiy Asma’iy bilan bog‘liq hikoyatni
keltiradi. Hikoya ishq yo‘lining murakkabligi, fano darajasidagi fidoyilik va uning azoblari haqida
chuqur ramziy tasvirni beradi. Asma’iy Haj safarida go‘zal bir manzilga duch keladi va u yerda
chashma boshida ishq azobidan iztirob chekayotgan kishining yozgan savolini ko‘radi. Ushbu
savolda ishqning sabru qarorni yo‘qotuvchi holati va uning chorasini so‘ralgan bo‘ladi. Asma’iy
unga sabr qilish va ishq yo‘lidan qo‘rqmaslikni maslahat beradi. Ertasi kuni Asma’iy yana o‘sha
joyga kelganda, boshqa savolni ko‘radi. Bu safar savolda ishq tufayli sabru chidamni yo‘qotgan,
muhabbatni yashirin saqlay olmaydigan, lekin vaslga erisholmagan oshiqning holati aks etadi.
Asma’iy bunday vaziyatda oshiqning o‘z jonini taslim qilib, ishq azobidan xalos bo‘lishini
maslahat qiladi. Keyingi kuni Asma’iy qaytib kelganda, oshiq uning maslahatiga amal qilib, o‘zini
toshga urib halok bo‘lganini ko‘radi. Oshiqning qonidan chashma suvini lolagun rangga bo‘yab
yotgan holatini ko‘radi. Asma’iy bu holatdan qattiq ta’sirlanadi, motam tutadi va oshiqni dafn
etadi. Oshiqning fano holati Alloh yo‘lidagi shahidlik darajasiga teng ekani ta’kidlaydi.
3
“Lison ut-tayr” Alisher Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
1174
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
Ushbu hikoyatdan kelib chiqadigan xulosa shuki ishqning inson hayotidagi eng yuksak va
azobli yo‘l ekanligini, uni faqat chin oshiq o‘rtanib boshdan kechira olishini ko‘rsatgan. Ishq yo‘li
insonni fano darajasiga olib borishi va uni Allohga yaqinlashtiruvchi yuksak maqomga yetkazishi
tasvirlangan. Bu hikoyada fidoyilik, sabr va insonning o‘zini ishq yo‘lida qurbon qilish haqidagi
falsafiy tasavvurlarni ifodalagan.
3.
Ma’rifat vodiysi
– bunda qushlar Simurg‘ haqidagi bilimlar, g‘oyalar cheksizligini his
etadilar, Simurg‘ni taniy boshlaydilar.
“Ma’rifat vodiysin ondin so‘ngra bil
Dashti bopoyonlig‘in nazzora qil.
Kimki bu vodiyg‘a bo‘ldi muttasif,
Topti anda hollarni muxtalif.
Vodiyedur, yuz tuman ming onda yo‘l,
Ul bu bir kelmay, oningdekkim bu ul”
4
.
Ma’rifat vodiysining murakkabligi va unda mavjud xilma-xil yo‘llar tasvirlangan. Ushbu
vodiyda har bir yo‘lovchi o‘z yo‘li va e’tiqodi bilan ma’rifatga erishishga kirishishadi. Yo‘llar
turlicha bo‘lib, ba’zilari pokiza, boshqalari esa noaniq va chigallik bilan to‘la. Yo‘lovchilar orasida
mo‘min ham, kofir ham, yaxshi ham, yomon ham bor. Har kim o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb biladi, ammo
haqiqatga faqat mashaqqat bilan yetishish mumkin. Ma’rifat vodiysida taraqqiyot va tanazzul,
butunlik va bo‘laklik, nur va zulmat ziddiyati hukm suradi. Har bir yo‘lovchining yo‘li alohida
bo‘lsa-da, hammaning maqsadi yagona – kamolotga erishish. Bu vodiyni bosib o‘tishda ba’zilari
yo‘ldan adashishadi, ba’zilari muvaffaqiyatga erishadi. Haqiqiy ma’rifatga faqat poklik va
shariatga ergashish orqali yetishish mumkinligi ta’kidlanadi. Bu yo‘lda mashaqqat chekkan har bir
kishi oxirida ma’rifat quyoshidan yorug‘lik olib, maqsadga erishadi. Hikoyatda bir guruh ko‘r
kishining filni qanday tasvirlagani haqida so‘z boradi. Har biri filning bir qismini paypaslab,
o‘zicha ta’rif beradi: biri uni sutunga, biri ajdahoga, biri ilonga, boshqasi esa qoya yoki
yelpig‘ichga o‘xshatadi. Ularning barchasi fil haqida bir qadar to‘g‘ri, ammo nuqsonli tasavvurga
ega bo‘ladi.
Hikoyatning asosiy xulosasi shuki, har bir kishi haqiqatning bir qismini anglaydi, lekin bu
to‘liq tasavvur emas. Haqiqiy bilim esa turli qarashlarni birlashtirish va ularni kengroq nuqtai
nazardan baholash orqali hosil bo‘ladi.
4.
Istig‘no
(ehtiyojsizlik) vodiysida qushlarning ehtiyojmand, Simurg‘ning esa
ehtiyojsizligi tasviri bayonida solikning mana shu ehtiyojsizlikni anglab yetish zamiridagi holati
ochib beriladi. Navoiy vodiyni shunday tasvirlaydi:
4
"Lison ut-tayr " Alisher Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
1175
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
“Vodiy ondin so‘ngra Istig‘nodurur,
Onda teng a’lou gar adnodurur.
Xar dam istig‘no eli bulg‘onda tez,
Solibon ofoq aro yuz rustaxez.
Yetti kishvar ichra shohe qahramon,
Bir gado onda hamonu ul hamon.
Onda teng ko‘r gumrahu ogohni,
Dayr ko‘yi birla baytullohni”
5
.
Istig‘no vodiysi — barcha narsalarning teng ko‘riladigan va ehtiyojsizlik hukmron bo‘lgan
vodiydir. Bu yerda olamning qudratli hodisalari va kichik voqealari bir xil ahamiyatga ega.
Qahramon shoh ham oddiy gado bilan teng, jannat ham, do‘zax ham bir xil o‘lchovga ega.
Yuksak martabali insonlar, payg‘ambarlar, gunohkorlar va begunohlar teng baholanadi.
But va Ka’ba, kufr va din ham bu yerda bir xil qadrga ega. Istig‘no vodiysi — ehtiyojsizlik
va farqlardan holi bo‘lgan holatning ramzi hisoblanadi. Bu vodiya xulq-atvorda va ma’naviy
yo‘lda ilohiy ehtiyojsizlik va tenglikni anglatadi.
Vodiy mohiyatini yoritish uchun Alisher Navoiy shatranj o‘yini bilan bog‘liq hikoyatni
keltiradi. Shaxmat o‘yinidan misol keltirilib, hayotning o‘tkinchiligi va barcha narsalarning aslida
hech narsa emasligi tasvirlanadi. Shaxmat taxtasida shohlar, vazirlar, piyodalar va boshqa donalar
bilan olib borilayotgan jang maydoni shiddatli va dabdabali ko‘rinsa-da, o‘yin tugagach, barcha
donalar xaltaga solinib, teng holatga keladi. Shoh ham, piyoda ham bir xil ahamiyatga ega bo‘lib,
urushlar, janglar va farqlar yo‘qqa chiqadi. Bu hikoyat orqali inson hayotidagi martaba, boylik,
urush va nizolar kabi narsalar ham vaqtinchalik ekanligi, asl haqiqat esa barchaning teng va
o‘tkinchi ekanligini anglatish istig‘no orqali yoritiladi. Shaxmat o‘yini hayotning ramzi sifatida
berilib, barcha narsalarning mohiyati yuzaga chiqariladi.
5. Tavhid
(birlik) vodiysi. Butun borliq yagona ruh – Simurg‘dan iborat ekanligini
tushunish:
“Vodiyi Tavhid ondin so‘ngra bil,
Fard o‘lub tajrid ondin so‘ngra bil.
Chun bu vodiy sori sayring qo‘ydi gom,
Fardu yaktolig‘ sanga bo‘ldi maqom.
Birda birdin hosil o‘ldi bir adad,
Yo‘q xiradqa munda dam urmoqqa had…
5
“Lison ut-tayr” Alisher Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
1176
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
Bir bo‘lu, bir ko‘ru, bir de, bir tila,
Mayl qilma munda ikkilik bila
6
.
Tavhid vodiysi haqidagi hikoyatda Yagonalik (Birlik) g‘oyasi aks etadi. Bu vodiyda barcha
narsalar bir butunlik va yakkalikda jam bo‘ladi. Sayr qiluvchi uchun asosiy qoidalar yolg‘izlik va
ortiqchalardan xalos bo‘lishdir. Vodiyning haqiqatiga erishgan kishi barcha mavjudotning yagona
maqsadga intilishini tushunadi. Birlikda yo‘qolish va ikkilikdan voz kechish bu yo‘ldagi asosiy
tamoyildir. Chunki haqiqatga yetishish faqat birlikni tan olish orqali amalga oshadi.
Hikoyada Mansur Tavhid darajasida “Anal-haq” (“Men Haqman”) degan so‘zni
takrorlaganiga qaramay, din arboblari va solihlar unga bu e’tirofni ochiq aytmaslikni, odob va
mo‘tadillikni saqlashni maslahat beradilar. Ammo Mansur ilohiy mastlik holatida bu chaqirig‘idan
voz kecha olmaydi. Bir kuni tushida Rasululloh unga zohir bo‘lib, tavhidning asl mohiyatini
tushuntiradi. Rasululloh osmon sayrida “menlik” va “senlik”ni butkul yo‘q qilganini, bu maqomda
faqat Allohning borligi hukm surishini aytadi. Mansurning “Anal-haq” degan da‘vosi esa,
tavhidning mohiyatini noto‘g‘ri tushunib, ko‘rilgan narsalarni “ikkilik”da idrok etganidan kelib
chiqadi. Rasululloh Mansurni bu xayoldan voz kechishga va yakkayu yolg‘izlik haqiqatini
anglashga chaqiradi.
Hikoyada Tavhidning mohiyati – “men” va “sen” yo‘q bo‘lib, faqat Allohning borligiga
yetishish zaruriyati bo‘ladi.
6. Hayrat
vodiysi – Simurg‘ning ulug‘vorligidan hayratga tushib, aqldan mahrum bo‘lish.
Alisher Navoiy mazkur vodiy haqida shunday deydi:
“Vodiyi Tavhid qat o‘lg‘on zamon,
Vodiyi Hayrat ko‘runur begumon.
Hayrat aylar tilni gungu lol ham,
Aql zoyil, hushni pomol ham.
Yo‘qni bilmas, borini ham onglamas,
Ne bularni tonglaru ne tonglamas.
Foniy erkanniyu boqiylig‘ni ham,
Mast erkanniyu soqiylig‘ni ham.”
7
Hayrat vodiysi Tavhid vodiysidan keyin namoyon bo‘lib, unda yo‘l ahlini cheksiz hayrat
va dong qotish holati qamrab oladi. Bu vodiyda kishi o‘z borligi va yo‘qligini, mavjud yoki
nomavjud ekanligini, oldinda yoki orqada, foniy yoki boqiyligini bilmaydi. Bu maqomda barcha
avvalgi bilim va erishilgan darajalar yo‘q bo‘lib ketadi. Hayratda qolgan kishi har narsaga boqib,
6
"Lison ut-tayr " Alisher Navoiyning 20 jildli Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
7
"Lison ut-tayr " Alisher Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
1177
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
hayronlik va ajablanish ichra qoladi. U o‘zini oshiq deb his etsa-da, kimga oshiq ekanini
anglamaydi. Har zarraga qarab, ularning borligi yoki yo‘qligini tushunishga harakat qilib, cheksiz
hayratga cho‘madi. Bu maqom hayrat va ajablanishning doimiy davom etishi bilan tavsiflanadi.
Hammasidan so‘ng
Faqru Fano
(Faqirlik va yo‘qlik)
vodiysi
keladi. Sayr qilayotgan
solik shu bilan yo‘lni nihoyasiga yetkazadi:
“Mundin usta uturg‘a kelmas yano,
Yo‘l aro juz vodiyi Faqru Fano.
Yo‘q bu vodiy ichra juz xomushluq,
Gungu kar bo‘lmog‘lig‘u behushluq.
Harnekim qilsang gumon topg‘on vujud,
Budi yo‘q, bu nav’ erur bori namud.
G‘ayri haqkim, qodiri barhaqdur ul,
Borcha foniy, boqiyi mutlaqdur ul.
Bu vodiyda insonning ilohiy birlikka erishish uchun o‘z nafsidan va dunyoviy
mavjudligidan butkul voz kechishi ifodalanadi. Bu yerda barcha narsalar, mavjudlik va borliq
dengiz yuzasida hosil bo‘luvchi to‘lqinlarga o‘xshaydi – ular vaqtincha ko‘rinishgaa egadirlar.
Dengiz esa ilohiy haqiqatning cheksiz mohiyati bo‘lib, undan boshqa barcha narsa foniydir.
Inson bu vodiyni bosib o‘tish uchun o‘zligini yo‘qotib, Allohning cheksiz haqiqatida
sho‘ng‘ish kerakdir. Bu bosqichda inson o‘z nafsidan xalos bo‘ladi va faqat ilohiy haqiqatni
anglaydi. Har qanday shakl va mavjudlik faqat ko‘rinishdan bor bo‘lib, aslida faqat Alloh boqiydir.
Olamdagi barcha narsalar vaqtincha va o‘tkinchi, faqat Allohning borligi haqiqat.
“Hazrat Navoiy bu vodiyda bir emas bir nechta hikoyatlar keltiradi. Birinchi hikoyatda
insonning o‘z nafsidan voz kechib, ilohiy haqiqatni anglash yo‘lini ko‘rsatagan. Shayxning sabri
va tavozusi uning fano darajasiga yetganini ko‘rsatadi. U darvishning beadab sinovlarini sabr bilan
qabul qilib, uni kamolotga eltadi. Asosiysi shuki, inson o‘zligini yo‘qotib, Allohga
yaqinlashganida haqiqiy ma’naviy mukammallikka ega bo‘ladi va abadiylikka erishadi. Undan
keyingi hikoyatda ham Xoja Bahouddin Naqshbandning kamtarligi va o‘z nafsini yerga urishdagi
chuqur ma’naviy fazilatlarini tasvirlanadi. Shayx o‘zini hatto bir qo‘tir itdan ham past ko‘rib,
uning vafodorligini o‘z vafosizligiga qarshi qo‘yadi. U o‘z borlig‘ini yo‘qlikka qiyos qilib, fano –
o‘zlikdan voz kechish darajasiga erishadi. Asosiy g‘oya shundan iboratki, inson o‘z nafsini inkor
etib, borlig‘ini yo‘qqa chiqarishi orqali Allohning ilohiy haqiqatiga erishadi. Fano orqali o‘zlikni
yo‘qotgan zotgina haqiqiy ma’naviy mukammallikka yetadi va abadiy borliqqa qo‘shiladi.”
[8]
8
Navoiy Alisher. Lison ut-tayr (nasriy bayoni bilan). – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2005.
1178
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1
Hazrat Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni insonning ma’naviy takomilga yetish yo‘lini
ramziy shaklda namoyon qiladi. Yetti vodiy – talab, ishq, ma’rifat, istig‘no, tavhid, hayrat va faqr-
u fano – har biri insonning ruhiy va ma’naviy rivojlanish bosqichlarini tushuntiradi. Bu
vodiylardan o‘tish insondan nafsni yengish, ilohiy haqiqatni anglash va dunyoviylikdan voz
kechishni talab qiladi. Yakuniy bosqichda, faqr-u fano vodiysida, inson o‘zligini yo‘qotib, Haq
bilan birlashadi va haqiqiy abadiy mukammallikka erishladi.
Ushbu vodiylar har biri alohida bir ma’noni anglatib, insoniyatni ilohiy haqiqat sari
yo‘naltirish va ma’naviy yuksalish yo‘lini ko‘rsatishda ulkan ahamiyat kasb etadi. Bu doston
o‘zida nafaqat ma’naviy, balki chuqur falsafiy va irfoniy tushunchalarni mujassam etilib, ma’naviy
kamolotga erishishga chorlaydi.
REFERENCES
1.
“Lison ut-tayr”. Alisher Navoiyning 20 jildlik Mukammal asarlar toʻplami 12-j. (T., 1996)
2.
Alisher Navoiy. Lison ut-tayr. – Toshkent, 2019. – B. 171.
3.
Navoiy Alisher. Lison ut-tayr (nasriy bayoni bilan). – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi
nashriyot-matbaa uyi, 2005.
4.
Shuhrat Sirojiddinov, Dilnavoz Yusupova, Olimjon Davlatov. [Mатн] Q.1:darslik/
Sh.Sirojiddinov[va boshq.]. – Тошкент: “TAMADDUM”, 2018. – 520. B.
5.
https://kh-davron. Xurshid Davron kutubxonasi
