JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Iroda RAXIMOVA
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Urganch davlat universiteti Filologiya va san’at fakulteti
O‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi
OGAHIYNING TARODIF VA TA’LIF AMALLARI YORDAMIDA HALL
QILINADIGAN MUAMMO JANRIDAGI SHE’RLARI TAHLILI
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Muhammadrizo Ogahiyning muammo yechishning tarodif va
ta’lif qoidalari asosida hall qilinuvchi muammo janridagi she’rlari tahlilga tortiladi. Shuningdek,
ushbu qoidalarning mumtoz she’riyatdagi o‘rni masalasiga ham diqqat qaratiladi.
Kalit so‘zlar:
muammo, muammo hal(l)i, ism moddasi, tarodif, ta’lif, poetik shakl, mazmun.
Аннотация:
В данной статье рассматриваются стихотворения Мухаммадризо Огахий,
относящиеся к жанру муаммо, решение которых основано на поэтических приемах
тародиф (повторение) и таалиф (сочинение, составление). Также уделяется внимание роли
этих приемов в классической восточной поэзии.
Ключевые слова:
муаммо, решение муаммо, модус имени, тародиф, таалиф, поэтическая
форма, содержание.
Annotation:
This article analyzes the poems of Muhammad Rizo Ogahiy that belong to the
genre of riddles (muammo), solved through the literary techniques of tarodif (repetition) and
ta’lif (composition). Special attention is also given to the significance of these techniques within
the context of classical Oriental poetry.
Keywords:
riddle (muammo), riddle solving, ism modda (name element), tarodif, ta’līf, poetic
form, content.
KIRISH.
O‘zbek adabiyoti boy tarixida bir qator janrlar borki, ijodkordan o‘tkir zehn, badiiy
mahorat va topqirlik, yuksak salohiyat, kuchli bilim hamda teran tafakkur talab qiladi. Ular
orasida
muammo
janri alohida o‘rin tutadi. Mazkur janr XV asr o‘zbek adabiyotida yuksak
badiiy darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa, XIX asrga kelib muammo janri shakl va mazmun jihatdan
boyidi. Bu jarayonda Muhammadrizo Ogahiy ijodi alohida e’tiborga loyiqdir. Uning muammo
janridagi asarlari nozimning nafaqat shoir sifatidagi mahorati va salohiyatini, balki adabiy-estetik
didini ham yaqqol namoyon etadi.
Muammo Sharq adabiyoti, jumladan, o‘zbek mumtoz adabiyotida muayyan kichik janrdagi
she’rda yashiringan nomni topish bilan bog‘liq. Muammoda yashiringan fikr mantiqan she’r
mavzusiga to‘g‘ri kelishi va nazarda tutilgan muayyan fikr, voqea- hodisa yoki shaxs faoliyati
bilan bog‘liq fakt bilan aloqador bo‘lishi kerak. Unda ishora muhim rol o‘ynaydi va ishora
etilgan so‘z
“ism moddasi”
deb yuritiladi, muammoni yechish yoki oddiy qilib aytganda topish
–
“hal(l)”
, ya’ni “masalani hal qilish” tushunchasi bilan ifodalanadi [1:103].
Muammoni hall qilish (yechish) amallarini ko‘plab mutaxassislar uchta katta guruhga bo‘lishadi:
a’moli tas’hiliy
(osonlashtirish amallari),
a’moli tahsiliy
(hosil qilish amallari) va
a’moli
takmiliy
(mukammallshtirish amallari). Navoiyning “Risolai mufradot“ [2] asarida ham
muammo amallari muammo ilmi an’analariga muvofiq uch katta guruhga bo‘lingan.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Shular orasida
a’moli tas’hiliy
(osonlashtirish amallari) guruhiga kiruvchi muammo yechishning
tarodif
amali bo‘lib, tarodif va ishtirok qoidasida ism moddasi bo‘lgan bir ma’no mavzuiga doir
so‘zlar o‘z ma’nodoshlari yoki zid ma’nolilari bilan hall doirasiga olib kiriladi. Ya’ni
muammodagi hal qiluvchi so‘z ma’no mavzuidagi boshqasi bilan almashtiriladi. Bunda turkiy,
arabiy va forsiy tillari so‘zlari chegaralanmaydi. Chunonchi, “shams”, “quyosh”, “mehr”,
“oftob” kabi so‘zlar bir xil, “oy”, “qamar”, “moh” kabi so‘zlar ham bir xil ma’noni bildiradi.
Shuningdek, bir “ayn” so‘zining o‘zi “ko‘z”, “quyosh”, “buloq” kabi turli ma’nolarda kelishi
mumkin. Bunday ma’no munosabatiga ko‘ra almashtirilayotgan so‘z murodif deb ataladi.
Masalan, “Oyimning yuzi oftobga aylandi” deyilgan bo‘lsa, oy o‘rniga “qamar” olinadi. Uning
yuzi yoki “qof” harfi “oftob”ga, ya’ni “ayn”ga aylansa, “Umar” ismi hosil bo‘ladi [3:12].
A’moli takmiliy
(mukammallshtirish amallari) guruhiga kiruvchi
ta’lif
muammoda keltirilgan
so‘zlar yoki ularning qismlarini ishoraga ko‘ra bir-biriga ulashni, biriktirishni talab qiluvchi
qoidadir. Masalan: “terlagan yuzing suv ichgandan so‘ng ochilgan gulga o‘xshaydi” deyilgan
bo‘lsa, gul so‘zi ochilib, ya’ni ikki harfga ajratilib, uning ichiga suv – arab tilida mo kiradi va
Kamol ismi hosil qilinadi. Ta’lifning imtizojiy (qorishiqli) deb atalgan turi ham e’tirof qilingan.
Unga ko‘ra ta’lif etiladigan juzvlar bir-birining ichiga kiritiladi. Masalan, “Kamol”ni yasashda
“gul”ning ichiga “mo” (suv)ni kiritgandek [3:14-15].
Mumtoz adabiyotda muammo janri, xususan, uning harfiy san’atlar asosida yaratilgan shakllari
badiiy tafakkur, fikr teranligi va she’riy mahorat sinovi sifatida qadrlanadi. Bu janrda shoir
faqatgina go‘zal qofiyali she’r emas, balki unda yashiringan sirli mazmun va ma’naviy ifodaning
topilishini talab qiluvchi badiiy-intellektual muammoni yaratadi. Xususan, Ogahiy ijodida tarodif
va ta’lif amallari orqali hal qilinuvchi muammolar bunday murakkab san’atli shaklning yorqin
namunalaridandir. Shu o‘rinda aytish lozimki, Ogahiyning muammo janridagi she’rlarida tarodif
va ta’lif qoidalaridan o‘rinli va unumli foydalanilgan bo‘lib, ushbu muammolarni har tomonlama
tahlil va tadqiq qilish orqali shoir dahosini yana bir karra kashf qilish mumkin.
TADQIQOT OBYEKTI VA QO‘LLANILGAN METODLAR.
Tadqiqotning obyekti sifatida
Muhammadrizo Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devonidan joy olgan “Iyd” (2 ta), “Soat”,
“Sovuq”, “Valad”, “Feruz”, “Muammo”, “Dom”, “Tolib”, “Kamol” va “Sayyid” ismlariga
yozilgan muammo janridagi she’rlari olindi. Tadqiqotda muammo yechishning tarodif, ta’lif va
isqot amallaridan, shuningdek, kuzatish, induksiya, tahlil kabi tadqiqot metodlaridan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR.
Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devonidan joy olgan 80 ta
muammosining deyarli barchasida muammo yechishning tarodif va ta’lif amallaridan
foydalanilgan.
“Iyd” ismiga yozilgan muammosi:
Shukrkim, shah davlatidan Ogahiy shomu sahar,
Kon misllik ilkim uzra urg‘usidur mavji zar [4:471].
Hall qilish: ism moddasi “osmon” va “uchar” so‘zlari bo‘lib, bu muammo ikkinchi misradagi
so‘z o‘yinlari orqali yechiladi.
Tarodif
qoidasiga asosan “kon” so‘zining arabcha ma’nodoshi
“ayn”, “ilik” so‘ziniki esa “yad”dir. Bu so‘zlarni bir-biriga
ta’lif
qilsak, “Iyd” so‘zini hosil qiladi,
shu tariqa muammo hall qilinadi.
“Soat” ismiga yozilgan muammosi:
Kishi agar ochsa ma’ni tilsimin,
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Iki kun ichra topg‘ay uch ismin [4:470].
Hall qilish: ism moddasi “tilsim” va “ism” so‘zlari bo‘lib, bu baytdagi muammo har ikki misraga
yashiringan. Birinchi misradagi so‘z ishorlariga ko‘ra, ma’no “tilsim” so‘zini ochsak, “ayn” va
“sin” harflari chiqadi. Ikkinchi misradagi “ism” so‘zining ma’nodoshi “ot” so‘zidir. Uni olib
mazkur harflarni birlashtirsak, “Soat” so‘zi kelib chiqadi. Bu o‘rinda
tarodif
va
ta’lif
qoidalari
qo‘llanilgan[5:41].
“Sovuq” ismiga yozilgan muammosi:
Ne tong, vahmidin qaltirar ahli dahr,
Ki bor tiyri paykonida mavji zahr [6:126].
Hall qilish: ism moddasi “tong” va “tiyr” so‘zlari bo‘lib, bu baytdagi muammo har ikkala
misradagi so‘zlar orqali yechiladi.
Tarodif
qoidasiga ko‘ra, “tong” so‘zining ma’nodoshi “sahar”,
undan “sin” harfi va ikkinchi misradagi “tiyr” so‘zining ma’nodoshi bo‘lgan “o‘q” so‘zini “sin”
bilan ta’lif qilib o‘qisak, “Sovuq” so‘zi paydo bo‘ladi. Bu muammoda ham
tarodif
va
ta’lif
qoidalari unumli hamda o‘rinli qo‘llanilgan.
Ogahiyning
“Iyd”
nomi yashiringan yana bir muammosida ham tarodif va ta’lif qoidalarining
o‘ziga xos shoirona mahorat bilan qo‘llanilganligini ko‘rish mumkin:
Iyd oqshomi chun shahimni ko‘rgum,
Bejoma duoga qo‘l yetkurgum [4:471].
Bu muammo ikkinchi misradagi “qo‘l” va “yetkurgum” so‘zlari orqali yechiladi.
Tarodif
qoidasiga binoan, “qo‘l” so‘zining arabcha ma’nodoshi “yad”ni “yetkurgum” so‘zi ishorasiga
ko‘ra “duo” so‘zidagi “ayn” harfiga qo‘shsak, “Iyd” so‘zi hosil bo‘ladi [5:41].
“Valad” ismiga yozilgan muammosi:
Ajab yo‘q cheksa bulbul dard ila un,
Ki ma’shuqe kunni aylamish tun [6:125].
Hall qilish: ism moddasi “dard” va “tun” so‘zlari bo‘lib, “dard” so‘zidan “dol” harfi, “un”
so‘zidan “vov” harfi olinadi.
Tarodif
qoidasiga asosan “tun” so‘zining ma’nodoshi “layl”
so‘zidir. Undan “lom” harfini olib, hammasini
ta’lif
qoidasiga ko‘ra birlashtirsak, “Valad” so‘zi
kelib chiqadi.
“Feruz” ismiga yozilgan muammosi:
Ey xush adli mahbutkim istab sharafi ishrat tuni
Bordi ul oy jonibig‘a jumayu shanba kuni [4:470].
Hall qilish: ism moddasi “kun” va “jonibig‘a” so‘zlaridir.
Tarodif
qoidasiga binoan, “kun”ning
ma’nodoshi forscha “ruz” so‘zi bo‘lib, bu so‘z “jonibig‘a” arab tilidagi “fi” qo‘shimchasi
ta’lif
qilinsa, “Feruz” so‘zi hosil bo‘ladi, shu tariqa muammo yechiladi.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Mavlono Ogahiy
“muammo”
ismi yashiringan muammo ham yozgan bo‘lib, bu ham shoirning
naqadar o‘tkir zehn va yuksak iste’dod egasi bo‘lgan sohibi qalam ekanligidan dalolat beradi:
Og‘ziyu ko‘ziyu zulfi halqasiyu qomatin,
Ko‘rsin ulkim istasa ul sho‘xning farrux otin [4:469].
Hall qilish: ism moddasi “og‘iz”, “ko‘z”, “halqa” va “zulf” so‘zlari bo‘lib, bu baytda muammo
har ikkala misradagi so‘z ishoralariga ko‘ra hall qilinadi. “Og‘zi” so‘zidagi “alif” hamda
tarodif
amaliga asosan “ko‘z” so‘zining arab tilidagi ma’nodoshi “ayn”dir. “Halqa” so‘zining ishorasiga
ko‘ra, “zulf”, ya’ni “dol” harfini halqalasak, “mim” harfi hosil bo‘ladi. Ikkinchi misradagi
“ot”ning ma’nodoshi “ism” so‘zi bo‘lib, undagi “sin” harfini isqot qilsak, ikkinchi “mim” harfi
vujudga keladi. Yuqoridagi harflarni
ta’lif
qoidasiga binoan harflarni tartibga solsak,
“Muammo” so‘zi kelib chiqadi.
“Dom” ismiga yozilgan muammosi:
Mard esang tortib taalluqdin oyoq,
O‘zinga oni tasavvur qil tuzoq [4:466].
Hall qilish: bu baytda muammo ikkinchi misradagi so‘z ishoralariga ko‘ra yechiladi. Bu so‘z
“tuzoq” mazmunida yashiringan bo‘lib,
tarodif
qoidasiga asosan uning ma’nodoshi “dom”
so‘zidir.
“Tolib” ismiga yozilgan muammosi:
Emdi o‘ltursa, ne tong savdo mani,
Kim tushar erni uza xati domani [6:111].
Hall qilish: ism moddasi “savdo”, “xat” va “ern” so‘zlari bo‘lib, bu muammo har ikkala
misradagi so‘z ishoralariga ko‘ra yechiladi. Birinchi misradagi “savdo” so‘zining chekkasidagi
“alif” harfini hamda “xat” so‘zining domanidagi “itqi” harfini olib, “ern”, ya’ni
tarodif
qoidasiga asosan “lab” so‘ziga va hammasini
ta’lif
qoidasiga muvofiq qo‘shsak, “Tolib” so‘zi
hosil bo‘ladi, shu tariqa muammo yechiladi.
“Kamol” ismiga yozilgan muammosi:
Ko‘z uchidin necha boqdi hamul xasta o‘g‘ul,
Demas gar ahli salomat ko‘ngullarini ko‘ngul [6:128].
Hall qilish: ism moddasi “ko‘z” va “ko‘ngul” so‘zlari bo‘lib,
tarodif
qoidasiga binan “ko‘z”
so‘zining fors tilidagi ma’nodoshi “chashm”, undan chiqadigan narsa (ko‘zyosh) arab tilida “mo”,
ya’ni “suv”dir. “Ko‘ngul” so‘zidagi oxirgi harflar “qof” va “lom”ga qo‘shsak, “Kamol” ismi
kelib chiqadi. Bu muammoda ham tarodif va ta’lif qoidalari qo‘llanilgan [5:42].
“Sayyid” ismiga yozilgan muammosi:
Bo‘lmoq manga tengdir emdi elkim,
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 16, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Ul mehr etokiga yetti ilkim [4:466].
Hall qilish: bu baytda muammo ikkinchi misradagi “mehr” va “iligim” so‘zlari orqali yechiladi.
Tarodif
qoidasiga binoan, arab tilida “mehr” so‘zi “shams”ga tengdir. “Mehr”ning etagidagi
harfni, ya’ni “ilik”ning arab tilidagi ma’nodoshi bo‘lgan “yad”ga
ta’lif
qoidasiga ko‘ra qo‘shsak,
“Sayyid” so‘zi hosil bo‘ladi.
Ko‘rish mumkinki, Ogahiy muammo yechishning murakkab amallari bo‘lgan tarodif va ta’lif
qoidalarini muammolarida o‘zigagina xos poetik shakl va mazmun, ifoda uslubi bilan
qo‘llaganki, shoir mahoratiga tan bermaslikning iloji yo‘q. Ogahiy muammolarini o‘qigan inson
shoir ijodiyotida poetik shakl uchun mazmunning hech bir o‘rinda boy berilmaganligini,
aksincha muammodagi har bir so‘zning shakl va mazmunan uyg‘un, bir-biriga mos ekanligini
payqaydi. Shoir muammolari beixtiyor yechishga, yashiringan ismni topishga undaydi,
kitobxonni o‘yga toldiradi, zehnini oshiradi. Shuningdek, bu muammolarni hal qilish jarayoni
nafaqat shoir uchun, balki kitobxon yoki tadqiqotchi uchun ham muayyan bilim, tafakkur va
badiiy zavq talab qiladi. Shu bois, Ogahiyning ushbu turdagi muammolari nafaqat adabiy-
ma’naviy meros sifatida, balki tilshunoslik, poetika va badiiy san’atshunoslik nuqtayi nazaridan
ham beqiyos ahamiyat kasb etadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR.
Xulosa qilib aytganda, Ogahiy ijodidagi tarodif va ta’lif
amallariga asoslangan muammolar, bir tomondan, mumtoz adabiyotda harfiy san’atlar
taraqqiyoti va ijodiy uslublarning takomiliga xizmat qilgan bo‘lsa, boshqa tomondan, bugungi
tadqiqotchi uchun ham boy ilmiy material va tahliliy mezon rolini bajaradi. Bu esa Ogahiyning
nafaqat shoir, balki mahoratli muammonavis, sohir qalam sohibi sifatidagi o‘rnini yanada
chuqurroq anglashga undaydi. Shu ma’noda ayta olamizki, Ogahiy Abdulla Oripov ta’biri bilan
aytganda, o‘zbek adabiyotini buyuk Navoiydan keyin yangi, yuqori pog‘onaga ko‘targan
ulug‘ shoir va allomadir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Sirojiddinov Sh. Matnshunoslik asoslari. – Toshkent: Navoiy universiteti NMU, 2019. – 128 b.
2. Алишер Навоий. Муфрадот. МАТ. 20 жилдлик. – Тошкент: Фан, 2003. Т.20. – Б. 369 –
420.
3. Shodmonov N. Muammo janri va uni yechish amallari. – Qarshi, 2012. – 27 b.
4. Огаҳий. Таьвиз ул-ошиқин: Девон. – Тошкент: “Адабиёт“ н., 2023. – 688 b.
5. Мадина Ҳабибулла қизи. Зеҳн зийнати. – Урганч: “Хоразм“ н., 1998. – 45 б.
6. Matyoqubova M. Ajab ohangu navolar. – Urganch: Ogahiy, 2023. – 156 b.
