YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
4
KICHIK TADBIRKORLIK SUBYEKTLARIDA YOLLANIB ISHLAYOTGAN
SHAXSLAR MEHNATINI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING
O’ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Yo’ldoshev Dilshodbek Abror o’g’li
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti
dilshodyoldoshev113@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.13788947
Annotatsiya:
Ushbu tezis kichik tadbirkorlik subyektlarida faoliyat yuritayotgan
shaxslar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o’ziga xos xususiyatlarini
o’rganadi.Tadbirkorlik faoliyati, jumladan kichik tadbirkorlik subyektlari uning huquqiy
asoslari va o’ziga xos jihatylarini ilmiy jihatdan taxlil qilish, ushbu masalalarning zamonaviy
huquqiy va ijtimoiy amaliyotidagi ahamiyatini yoritishni maqsad qilngan. Ish beruvchi va
xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishda mehnat shartnomalariga oid
o‘ziga xos xususiyatlar o’rganilgan.
Kalit so’zlar:
Kichik tadbirkorlik subyektlari, tadbirkorlik, mikrofirma, Yakka tartibdagi
tadbirkor, yollanma xodim, mehnat shartnomasi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga
oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga
qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir. Mikrofirmalar jumlasiga kiritilgan ish beruvchilarda
(bundan buyon matnda ish beruvchi bo‘lgan mikrofirma deb yuritiladi) xodimlarning
mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solish mehnatga oid o‘ziga xos xususiyatlar hisobga
olingan holda amalga oshiriladi va bu ish beruchilar kichik tadbirkorlik subyektlari tarkibiga
kiradi. Kichik tadbirkorlik subyektlari soni bugungi kunda shiddat bilan ortib bormoqda
ushbu yo’nalish tadbirkorlik faoliyatining o’zagi va tom ma’noda iqtisodiyotning ildizlaridan
biridir.
Statistika qo’mitasi ma’lumotlarida
, bu ko‘rsatkich 2019 yilning shu
davri bilan taqqoslaganda 1,8 barobarga oshgan[1 ]O‘zbekistonda o‘tgan yilning 1-dekabr
holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 2019 yilda – 319 265 tadan
2023 yilda – 588 729 tagacha o’sgan. Bu raqamlar bu sohadagi mehnat munosabatalarining
o’ziga xos xususiyatlarini aniqlash, ish beruvchi va xodimlar o’rtasidagi mehnat
munosabatlarini tartibga solishda mehnat qonunchiligimizda o’rganish lozim bo’lgan jihatlar
mavjudligidan darak. Uning o’ziga xos jihatlari mehnat resurslarining cheklanganligi va kam
sonli xodimlar yollash bilan bog’liq jarayonlarga to’xtalib o’tamiz. Avvalo, kichik tadbirkorlik
subyektlarini qanday ta’rifga ega ekanligi va boshqa sohalardan qanday farqli jihatlari bor
ekanligini ko’rib chiqamiz. O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 2-mayda qabul qilingan
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 5 – moddasiga asosan
kichik tadbirkorlik subyektlari quyidagilardir.
yakka tartibdagi tadbirkorlar
ishlab chiqarish tarmoqlaridagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi
bilan yigirma kishi, xizmat ko‘rsatish sohasidagi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan
boshqa tarmoqlardagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan o‘n kishi,
ulgurji, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlaridagi, band bo‘lgan
xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan besh kishi bo‘lgan mikrofirmalar.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
5
Yengil, oziq-ovqat sanoatidagi va qurilish materiallari sanoatida band bo’lgan xodimlar
ko’pi bilan ikki yuz kishi
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi
mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda qonunchilikda nazarda
tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha
yillik soni ko‘pi bilan ellik kishi;
fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohalari (sug‘urta
kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan
bog‘liq bo‘lmagan boshqa sohalardagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi
bilan yigirma besh kishi bo‘lgan kichik korxonalar.
Kichik tadbirkorlik subyektlari umumiy faoliyati va unda yollanib mehnat qilayotgan
xodimlarning boshqa sohalaridan farqli jihati shundaki, ularda xodim yollash bilan bog’liq
chegara mavjud. Mehnat Kodeksining asosiy vazifalaridan biri xodimlar va ish
beruvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashdir.
Kichik tadbirkorlik subyektlari nisbatan kam mexnat resurslariga ega bo’lsa ham, unda
yollanib ishlayotgan shaxslar mehnat munosabatlarini o’rganish adolatli mehnat sharoitlarini
yaratish, xavfsiz mehnat muhofazasida faoilyat yuritishni ta’minlash va mehnat
qonunchiligida o’rganishi lozim bo’lgan jihatlar mavjud.
“Mikrofirmalar jumlasiga kiritilgan ish beruvchilarda xodimlar mehnatini huquqiy
jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari” 504 – 506 moddalari orqali va “yakka
tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan shaxslar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga
solishning o‘ziga xos xususiyatlari” 507 - 513 moddalari orqalinomlangan paragarflar sifatida
alohida bob qilib yangi taxrirdagi Mehnat Kodeksiga kiritildi. 504 -moddaga asosan “Agar ish
beruvchi bo‘lgan mikrofirma tadbirkorlik subyektlarining belgilangan tasnifiga muvofiq
mikrofirmalar jumlasiga kirmay qolsa, davlat statistika organlari tomonidan ish beruvchi
bo‘lgan mikrofirma to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar kiritilgan paytdan e’tiboran ushbu ish
beruvchida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq
bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mehnat to‘g‘risidagi
qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ushbu paragrafda
belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olinmagan holda amalga oshirilishi kerak.” Ya’ni
agar tadbirkorlik subyekti hisoblangan mikrofirma qonunda belgilangan tasnifda mikrofirma
to’g’risida tegishli ma’lumotlarni kiritmagan taqdirda mikrofirmalarga berilgan imtiyozlar va
boshqa ushbu paragrfaga oid o’ziga xos xususiyatlar hisobga olinmaydi.Masalan,
Mikrofirmalar savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan
boshqa sohalardagi, band bo‘lgan xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yigirma besh
kishidan oshib ketmasligi zarur. Agar bu miqdor belgilangan chegaradan oshgan taqdirda
mehnat munosabatlari umumiy mehnat qonunchiligi asosida tartibga solinadi.Kichik
tadbirkorlik subyektlarida mehnat intizomi Mehnat kodeksining 505 – moddasiga asosan Ish
beruvchi bo‘lgan mikrofirma ichki hujjatlarni (ichki mehnat tartibi qoidalarini, mehnatga haq
to‘lash to‘g‘risidagi nizomni, mukofotlash haqidagi nizomni, smenalar jadvalini va
boshqalarni) qabul qilishdan to‘liq yoki qisman voz kechishga haqli.
Ushbu kodeksning 296 moddasida esa Ichki mehnat tartibi qoidalari mehnat
to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat
shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari,
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
6
majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan
imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek ushbu ish beruvchida mehnat munosabatlarini
tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir. Soddaroq qilib
tushuntiradigan bo’lsak mikrofirmada ichki tartib qoidalar yo’q bo’lsa, ushbu turdagi mehnat
munosabatlari bevosita mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Mehnat shartnomasi namunasi esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan
kelishilgan holda tasdiqlanadi.Bunda asosiy e’tibor qaratadigan jihatlar quyidagilardir.
1.
Mikrofirmalar ishga qabul qilinayotgan shaxslar bilan o‘zaro kelishuv asosida muddatli
mehnat shartnomalari tuzishlari mumkin, garchi bu shaxs bajaradigan ish va uning hususiyati
muddatli xarakterga ega bo‘lmasa ham.
2.
Mikrofirma xodimning mehnat sharoitlarini o‘zgartirmoqchi va ish beruvchining boshqa
joyga ko‘chishi munosabati bilan joyni o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, xodimni kamida 1 oy oldin
yozma ravishda xabardor qilishi lozim bo‘ladi. Boshqa umumiy holatlarda va boshqa
korxonalarda bu muddat kamida 2 oyni tashkil qiladi.Masalan, Paranda go’shtini qayta ishlab
chiqarishga ixtisoslashgan mikrofirma o’z faoliyatini kolbasa maxsulotlarini ishlab
chiqarishga yo’naltirdi.Bu holatda ish beruvchi xodimni belgilangan muddatda ogohlantirishi
zarur.
3.
Mikrofirma xodimi ish beruvchi bo‘lgan mikrofirmani 7 kalendar kun oldin yozma
ravishda ogohlantirib, o‘z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli
bo‘ladi. Boshqa umumiy holatlarda bu muddat 14 kalendar kunni tashkil qiladi.
4.
Mehnat shartnomasini intizomiy jazo sifatida bekor qilishga asos bo‘ladigan mehnat
vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzilishlar ro‘yxati xodim bilan tuzilgan mehnat
shartnomasida belgilab olinishi mumkin. Umumiy holatlarda bular korxonaning ichki mehnat
tartibi qoidalari bilan belgilab olinadi.
5.
Mikrofirma raxbari o‘z xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksida
nazarda tutilgan asoslardan tashqari mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha
ham bekor qilishga haqli bo‘ladi. Masalan, mikrofirma xodimi bilan tuzilgan shartnomada
korxonaning og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolishi, yoki xodimning mehnatiga zarurat
qolmaganligi kabi holatlarda mehnat shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu asoslar bilan bekor
qilinishiga oid murakkab bo‘lmagan shartlar nazarda tutilishi mumkin bo‘ladi.
6.
Mikrofirma xodimini mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish
muddatlari, shuningdek, mehnat shartnomasi bekor qilinganda to‘lanadigan ishdan bo‘shatish
nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya to‘lovlarini to‘lash hollari va miqdorlari bemalol
mehnat shartnomasida belgilab olinishi mumkin. Bunday shartlar va bu kafolatlar agar
mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan bo‘lsagina, Mehnat kodeksi hamda mehnat haqidagi
boshqa huquqiy hujjatlarda ko‘rsatilgan kafolatlar qo‘llanadi.
O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan xodimlarning
mehnat sohasidagi huquq va imkoniyatlarini ta’minlash va sohaga yangi qon olib kirish, bu
boradagi mehnat qonunchiligini takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatidagi byurokratik
jarayonlarni kamaytirish va tadbirkorlarga tushadigan soliq yukini yengillashtirish borasida
jadal ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksining VI bo‘lim 29-
bobining 507-513 moddalari yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlovchi shaxslar
mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlanadi [2].
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
7
Bundan tashqari yakka tartibdagi tadbirkorning tadbirkorlik faoliyati O‘zbekiston
Respublikasi mehnatga oid boshqa qonun hujjatlari orqali tartibga solinadi. Jumladan
O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 2-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati
erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi 328-sonli Qonuni 1-moddasida Qonunning asosiy
vazifalari sifatida quyidagilar keltiriladi:
–
fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi undan manfaatdor bo‘lishi
uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish;
–
ularning ishchanlik faolligini oshirishdan, shuningdek tadbirkorlik faoliyati
subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish[3].
Ushbu qonunning 6-moddasi bilan “Yakka tartibdagi tadbirkorlik” tushunchasiga
quyidagicha izoh berib ketiladi: “Yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs (yakka
tartibdagi tadbirkor) tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda
amalga oshirishdir deya ta’rif berilgan.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-
yil 7-yanvardagi 6-sonli “Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat
turlari to‘g‘risida” gi qarori bilan quyidagi kabi jami 89 turdagi tadbirkorlik faoliyati bilan
yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin. Qaror kuchga kirgan sanadan boshlab
qarorda ko‘rsatilmagan faoliyat turida yakka tartibdagi tadbirkorlikni amalga oshirish
taqiqlanadi. Quyida ba’zi faoliyat turlari misol sifatida keltirildi:
–
oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish;
–
ko‘chma savdo obyektlarida aralash chakana savdo qilish;
–
dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan chakana savdo;
–
gazetalar, jurnallar va kitob mahsulotlari bilan chakana savdo qilish;
–
sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur, kosmetolog xizmatlari va shunga o‘xshash
boshqa xizmatlar;
Ushbu ro‘yxatda keltirilgan faoliyat turlarida yakka tartibdagi tadbirkorlar belgilangan
tartibda faoliyat turiga qarab bir nafardan besh nafargacha xodimlarni yollashga haqlidir.
Qancha yollanma xodim yollash mumkinligi tadbirkorlik subyektining faoliyatini amalga
oshirish shakliga qarab o‘zgarib boradi.
Ushbu qaror yakka tartibdagi tadbirkor va u yollashi mumkin bo‘lgan xodim o‘rtasidagi
ijtimoiy-mehnat munosabatlarini, shuningdek soliqqa oid munosabatlarini tartibga soladi[4].
Qarorda yakka tartibdagi tadbirkor va unda yollanib ishlaydigan xodim o‘rtasida tuziladigan
mehnat shartnomasi namunasi, yollanma xodimni soliq organlarida hisobga qo‘yish
kartochkasi va yollanma xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda soliq
organini xabardor qiluvchi xabarnoma namunasi belgilangan.
Umumiy tartibda mehnat shartnomasi tuziladigan yollanma xodimlarning mehnat
shartnomasi va yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan yollanma xodimlarning
mehnat shartnomalari o‘rtasida quyidagi kabi bir qancha farqlarli jihatlar mavjud:
1.
Shartnoma muddati YaTT xodimlarining mehnat shartnomasida oylar va bajariladigan
ish hajmiga ko‘ra belgilanadi, umumiy tartibdagi xodimlar mehnat shartnomasi esa
nomuayyan va muayyan muddatga tuziladi;
2.
Umumiy tartibdagi yollanma xodimlar sinov muddati bilan ishga qabul qilinishi
mumkin, lekin YaTTda ishlovchi yollanma xodimning mehnat shartnomasida sinov muddati
haqidagi shart belgilanmaydi;
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
8
3.
YaTTda yollanib ishlovchi xodimlarning mehnat ta’tili faqat asosiy qismdan iborat,
umumiy tartibdagi yollanma xodimlar mehnat shartnomasida mehnat ta’tili ikki qismdan
iborat bo‘ladi: asosiy ta’til va qo‘shimcha ta’til (qo‘shimcha ta’til tashkilot yoki korxonalarning
jamoa shartnomalarida ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘ladi);
4.
Umumiy tartibdagi mehnat shartnomasida mehnatga haq to‘lashning umumiy
miqdoridan tashqari qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi ustama va kompensatsiyalar ham belgilab
qo‘yilishi mumkin va bu kabi rag‘batlantiruvchi to‘lovlar jamoa shartnomalarida belgilab
qo‘yilgan bo‘ladi. YaTTlarda yollanib ishlovchi xodimlar uchun esa yaxlit to‘lov miqdori va
shakli belgilab qo‘yiladi. Buning sababi sifatida YaTTlar yuridik shaxs hisoblanmasligi va shu
bois jamoa shartnomalari tuzilmasligini ta’kidlash lozim;
Kichik tadbirkorlik subyektlarida xodimlarning asosiy huquqlari: to‘liq mehnat
shartnomasi, ish haqi, dam olish, va ijtimoiy kafolatlar ham o’z ichiga oladi. Ish beruvchining
majburiyatlari: ish sharoitlari, xavfsizlik, va sog‘liqni saqlashva boshqa masalalarni o’z ichiga
olishi zarur.
Kichik tadbirkorlik subyektlarida yollanib ishlayotgan shaxslar mehnat munosabatlarida
yana bir muhim vosita bu mehnatga haq to’lashdir. Bunda yakka tartibdagi tadbirkor yoki
mikrofirmalar o’z iqtisodiy va mehnat resurslaridan kelib chiqib xodimlariga pul yoki natura
shaklda haq to’lashi ham ushbu yo’nalishning o’ziga xos xususiyatlaridan biridir. Mehnatga
haq to’lash shakllari va tizimlari deganda, xodimning mehnat xarajatlari va natijalarini unga
tegadigan ish haqi miqdori bilan qiyoslashning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari tushuniladi.
Mehnatga haq to’lash shakllari muayyan vaqt mobaynida xodimning olgan ish haqi uning
mehnatidan olingan natijalarga bog’liqligini aniqlash usullari sifatida, mehnatga haq to’lash
tizimi esa ana shu bog’liqlikni amalga oshirish texnologiyasi sifatida belgilanadi.
Xulosa
Yuqoridagilarga asoslanib biz yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati va yollanma xodimlar
bilan mehnat munosabatlarining huquqiy asoslari shu tartibda vujudga kelishini ko‘rishimiz
mumkin. Mehnat Kodeksi va boshqa qonuniy hujjatlarda yakka tartibdagi tadbirkor va
yollanma xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlari va boshqa yakka tartibdagi mehnatga oid
munosabatlar aynan Mehnat kodeksining shu munosabatlarga atalgan qismida nazarda
tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, umumiy tartibda mehnat to‘g‘risidagi
qonunchilik bilan tartibga solinadi.
References:
1.
Kun.uz.
2.
O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi. Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi,
29.10.2022-y., 02/22/798/0972-son; 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son.
3.
O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi
328-sonli Qonuni 1-modda. 02.05.2012.
4.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 707-sonli
“Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati
organlarida hisobga qo‘yish hamda soliq solinadigan daromadlar va chegiriladigan xarajatlar
hisobini yuritishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
5.
Abdurahmonov Q.X., Shoyusupova N.T., Bakiеva I.A., «Mеhnat iqtisodiyoti» (Darslik) – T.:
TDIU, 2010. 257 bеt.
