ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
44
ABDULLA ORIPOV IJODIDA JANR POETIKASINING NAZARIY
ASOSLARI
Maksumova Inoyatxon Vahidulla qizi
Alfraganus universiteti, Filologiya fakulteti
Arab tili yo‘nalishi, 3-kurs talabasi
Annotatsiya:
Maqolada Abdulla Oripov ijodida janr poetikasining nazariy
asoslari tadqiq etiladi. Shoir ijodidagi milliylik, tarixiylik, xalqchillik va falsafiylik
unsurlari janrlar xilma-xilligi bilan uyg‘un holda yoritiladi. Asarda Oripov lirikasi va
dostonlaridagi badiiy tasvir, ramz, obrazlar orqali milliy tafakkur, vatanparvarlik,
insonparvarlik g‘oyalari tahlil qilinadi. Ayniqsa, she’riyatida xalq og‘zaki ijodi, mumtoz
adabiyot va zamonaviy estetik qarashlar sintezi poetik izlanishlar bilan asoslanadi. Shoir
asarlarida folklor unsurlarining zamonaviy talqini, yangi badiiy shakllarning paydo
bo‘lishi va ularning ijtimoiy-ma’naviy kontekstdagi aks ettirilishi ilmiy jihatdan ko‘rib
chiqiladi. Maqola hozirgi o‘zbek she’riyatidagi poetik tafakkur va estetik yangilanishlarni
tushunishga hissa qo‘shadi.
Kalit so‘zlar:
Abdulla Oripov, janr poetikasi, o‘zbek she’riyati, poetik tafakkur,
folklor poetikasi, milliy adabiyot, vatanparvarlik, estetik yangilanish, badiiy tafsir,
zamonaviy lirika.
Hozirgi zamonga kelib inson ko‘ksidagi mushtdek yurak nafaqat ijod ahlining,
balki bashariyatning ham mehvariga aylandi. She’riyatning asosiy tahlil ob’ekti,
o‘rganadigani inson, deymiz. Bu esa har qanday e’tirozdan holi sohir haqiqat.
Bugungi she’riyatning insonga diqqat-e’tibori yanada teranlashdi. Endilikda
yuraklarda kechayotgan his-tuyg‘ularning ranglari, quvonch-safolarning ohanglari,
nimtatir tabassum to‘lqinlari, g‘am-alamu o‘y-hayollar shevasi, bir so‘z bilan aytganda,
ko‘ngil mamlakati she’riyatimizning qon tomiri bo‘lib qoldi.
Eng quvonarli hodisa – yoshlar she’riyati ham ana shu katta to‘lqinga esh, baqamti
odimlamoqda. Ong va tuyg‘u omuxtaligidan tug‘ilgan tafakkur manzaralarini tadqiq etish,
kechinmalarning fikrchan suratlarini chizish еtakchi tamoyillardan biriga aylandi.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
45
Ma’naviy-intellektual, ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar badiyatning еtakchi mezonlari sifatida
bo‘y ko‘rsatmoqda.
Abdulla Oripov ijodining dastlabki va undan keyingi bosqichlarida nafaqat
Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Boborahim Mashrab singari o‘tmishdagi
san’atkorlarning, balki XX asr o‘zbek adabiyotining ustoz shoirlari - Oybek, G‘afur
G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon, Mirtemir kabi ijodkorlar badiiy
kashfiyotlarini ham ijodiy o‘zlashtirgan. Buni isbotlashga yordam beradigan dalillar
shoirning maqola va adabiy suhbatlarida uchraydi.
U “Bahor” she’rida G‘.G‘ulomni “surur kuychisi”, “dongdor zamondosh” deb
ta’riflaydi. Bu surur - ma’naviy-ruhiy, tarixiy-falsafiy surur, albatta. G‘.G‘ulomni
san’atkor sifatida “dongdor zamondosh” mavqeiga ko‘targan, milliy g‘urur kuychisi
bo‘lishga chorlagan fazilatlar ham, eng avvalo, ana shulardir. A.Oripov bir adabiy
suhbatida “Men S.Vurg‘un, G‘.G‘ulom she’riyatida shoir shaxsiyatining ko‘rinishini
o‘rganyapman”
1
, - degan edi. G‘afur G‘ulom she’riyatida esa, birinchi galda, sharqona
donishmandlik, zukkolik, tafakkur kengligi ko‘zga tashlanib turgan. Tabiiyki, bu jihatlar
A.Oripovning ziyrak nigohidan chetda qolmagan. A.Oripov she’riyatda o‘z maktabini
yaratgan G‘.G‘ulomning san’atxonasiga chuqur kirib bormaganida, uning sir-asrorini
ichki, ya’ni botiniy ijodiy ehtiyojlariga muvofiq tarzda o‘zlashtirmaganda, bizningcha, u
bunchalik ulkan yutuqlarga erisha olmasligi ham mumkin edi.
Zero, har bir san’atkor ijodi ming bir buloqdan suv ichadi. Asrlar davomida kuylab
kelingan abadiy va o‘lmas mavzularning har bir ijodkor ijodida o‘ziga xos yangicha
ohang, yangicha tasvirlarda jilolanishi ham shundandir. Masalan, vatan mavzusini olaylik.
Har bir ulug‘ shoirning ishongan bog‘i, suyanadigan tog‘i shak-shubhasiz uning
jonajon Vatanidir. Tug‘ilib o‘sgan zamin uning uchun har narsadan muqaddas va
ilhombaxsh. Shuning uchun ham Abdulla Oripov “O‘ylarim” degan she’rida: “Vatan! Bor
qismatim shu bir so‘zda hal”, – degan edi. Ungacha ham Vatan haqida she’rlar bitib, uni
ulug‘vor ohanglarda madh etgan shoirlarimiz ko‘p bo‘lgan, albatta. Shu ma’noda G‘afur
G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Shayxzoda va Mirtemir she’riyati badiiy ijod
maydoniga kirib kelgan talantlarga, jumladan, Abdulla Oripov uchun ham o‘rnak va
mahorat maktabi edi. Vatan mavzusini yoritishda Abdulla Oripov ustozlaridan (masalan,
1
Орипов А. Танланган асарлар. 4-жилд. – Б. 60.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
46
tilda, obrazli tasvir va ohang yaratishda) o‘rgangan, lekin u taqlidga yon bermaganidek,
takrorga ham yo‘l qo‘ymagan. Buning ham albatta, o‘ziga xos sabablari bor.
Birinchidan, Abdulla Oripov - ulkan talant. Talantli shoir esa, qaysi mavzuda
qalam tebratmasin, hamisha o‘z so‘zini, ya’ni yangi fikr - tuyg‘ularini aks ettiradi.
Ikkinchidan, Abdulla Oripov yurt tarixi va taqdirini o‘zicha mushohada etadi,
o‘zicha ko‘radi. Shuning uchun G‘afur G‘ulom va Oybek, Shayxzoda va Mirtemir
nigohidagi Vatan bilan Abdulla Oripov tasavvuridagi Vatan ma’lum farqlanishlarga ega.
Millat, til, tarix, din tushunchalari bo‘lmasa,
Vatan
so‘zi o‘z-o‘zicha
mukammallik kasb etmaydi. Shoirning dastlabki ijod namunalaridan bo‘lgan “Men
nechun sevaman O‘zbekistonni” she’rini o‘qigan kishi Vatan degan tushunchaning tub
mohiyati xalq qismati va haqiqatlari orqali yoritilganligiga iqror bo‘ladi. Uning:
...Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand bo‘lsam, kechirma aslo!
degan satrlari xuddi qasamday yangraydi. Sho‘ro zamonida yurt va millat
to‘g‘risidagi haqiqatni to‘la-to‘kis ifodalash imkoni yo‘q edi. Tildan, tarix va
qadriyatlardan bahs yuritish ham yozilmagan qonunlarga ko‘ra cheklangan edi. Shu
boisdan aksariyat shoirlar Vatan va millatini baxt, baxtiyorlik, ulkan zafarlar og‘ushida
tasavvur etar, yozgan she’rlari ham soxta ko‘tarinkilikka asoslanar edi. Abdulla Oripov
she’rlarida esa “Vatan” so‘zi-asosiy so‘z va bosh tushuncha bo‘lib qolmasdan, milliy his-
tuyg‘u va haqiqatlarni ochib ko‘rsatadigan kalit hamdir. Uning Vatan ishqi va dardi bilan
yo‘g‘rilgan she’rlarining yana bir muhim xususiyati shundaki, ularning har biri u yoki bu
darajada she’rxonni o‘zligini bilishga, “Sen kimsan?” “Ajdodlaring kim?” “Erk va
hurriyat beshiging qayonda?” degan savollarga mustaqil javob izlash va topishga undaydi.
Ana shu ma’noda uning Abdulhamid Cho‘lponning izdoshi sifatida ta’riflanishi
2
e’tirozga
sabab bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz.
Tarix va tarixiy voqealar, tarixiy shaxslarning juda murakkab muammo va
masalalariga ishorat etish Abdulla Oripovning sevgan usullaridandir. Ko‘p she’rlarida,
jumladan “O‘zbekiston” qasidasi va “Yuzma-yuz” manzumasidagi ayrim ishoratlarni
jur’at va shijoat nishonasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. “O‘zbekiston” qasidasida shoir
bosqinchilar va bosqinchilikni qoralab:
2
Қосимов Б., Эрназарова Г. Миллий бадиий тафаккур. – Т., 2004. – Б. 89.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
47
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi,
- deydi. Sezgir o‘quvchi esa “har uchragan nokasu nodon” so‘zlari faqat arab yoki
mo‘g‘ul bosqinchilariga tegishli emasligini oson ilg‘aydi. Boshqa bir she’ridagi:
Bosqinchi so‘zining ma’nosi shulki,
Nonga to‘yganda ham, to‘ymas makonga
bayti haqida ham
shunday deyish mumkin.
Darhaqiqat, Abdulla Oripov Vatan haqidagi she’rlari bilan ko‘hna mavzuni tub
mohiyati bilan yangilash va uning hech bir shoirnikiga o‘xshamaydigan tasvirlarini
yaratishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Magistirlik dissertatsiyada Ko‘ngil, Dunyo, Bozor, Zamon obrazlarining badiiy
talqinlari tadqiqiga ham alohida sahifalar bag‘ishlangan.
Har bir tarixiy davrning o‘z qonuniyatlari bor. U jamiyat taraqqiyotining ijtimoiy,
iqtisodiy hamda madaniy omillari bilan asoslanadi. Badiiy tafakkurning ushbu davr rivoji
qanday xususiyatlari bilan avvalgi bosqichlardan ajralib turadi? Istiqlol ma’naviy-
intellektual hayotga qanday ta’sirini ko‘rsatayotir? Badiiy-estetik tafakkur taraqqiyotining
o‘ziga xosligi qanday belgilarda namoyon bo‘layotir? Xususan, mafkuraviy tazyiqlardan
qutulib, nimalardan xalos bo‘ldiyu qanday xususiyatlar kasb etdi? Eng muhimi, badiiy-
estetik tafakkur erkin bo‘ldimi yoki yo‘qmi?
San’at taraqqiyoti jamiyatning umumiy rivoji va uning moddiy asosiga
daxddor
emas, degan qarashlar bor. Mustaqillik davri badiiy madaniyatida jamiyatdagi salbiy
holatlarga, noqislik va kemtikliklarga qarshi o‘laroq tanqidiy yo‘nalish, yaratuvchanlik
g‘oyalari falsafiy mazmunga yo‘g‘rilgan holda turli shakllarda zuhur topdi. Xuddi
shunday hodisani kino, teatr, amaliy va tasviriy san’atlarda ham kuzatish mumkin. Shu
ma’noda, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy o‘pirilish va o‘zgarishlar badiiy-estetik tafakkurga
ham ta’sir ko‘rsatdi. Mamlakat iqtisodiy tahchillikka, buxronlarga yuz tutgan bir davrda
badiiy madaniyat ijodiy yaratuvchanlik ruhini so‘ndirmadi. Inson bilan voqelikni, tabiat
va jamiyat hodisalarini turli xil badiiy shakllarda idrok va ifoda etishdek betakror
iqtidorini yo‘qotmadi. Shaxs ma’naviyati bilan jamiyat psixologiyasini bog‘liqlikda
anglash va aks ettirishda, realistik san’atning yangi-yangi imkoniyatlarini izlashda davom
etdi. Aytish mumkinki, demokratik jamiyat barpo etishda badiiy tafakkur ham faol xizmat
qilmoqda.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
48
Hozirgi badiiy-estetik tafakkur rivojining muhim xususiyatlaridan yana biri, bu
tarixiy, diniy, madaniy merosga munosabatda, ma’naviy boyliklarni qaytadan estetik
baholashga intilishlarda namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan asrning tongi jadidchilik
madaniyatini, 20-30 yillar adabiy merosini, “bosmachilik” deb atalgan ijtimoiy harakat-
milliy ozodlik ko‘tarilishini baholashda yangi ijodiy tafakkur belgilarini ko‘ramiz. Rus
adabiyotining N.Gumilev, O.Mandelshtam, o‘zbek adabiyotining Cho‘lpon, Fitrat,
Behbudiy, Tavallo, U.Nosir singari siymolarining ijodiy faoliyatini tarixiy voqelik bilan,
ijtimoiy-siyosiy muhitning murakkabliklari bilan, san’atkorlar ongi-dunyoqarashidagi
o‘zgarishlar bilan bog‘liq o‘rganish teranlashdi. Ushbu hodisa, avvalo, poetik so‘zning
qadr-qimmatini yanada oshirdi. Keng o‘quvchilar ommasining estetik saviyasini
o‘stirishda, ma’naviy-intellektual madaniyatini yuksaltirishda muhim omillardan biriga
aylandi.
Demak, majoziy obrazlilik, ramzli obrazlar vositasida fikrlash XX asr oxiri XXI
asr boshlari o‘zbek she’riyatida ustuvor tendensiyaga aylandi.
Keyingi yillar adabiyotimizda shakllangan yangi tafakkur takomilining еtakchi
tamoyillari qanday xususiyatlarda zuhur topdi?
Ma’nan va axloqan komil insonni shakllantirishda klassik adabiyotimizdagi
an’analarga boy hayotbaxsh didaktikaning o‘rni va roli kuchaydi, ahamiyati ortdi. G‘azal,
muhammas, musaddas, musamman, ruboiy, to‘rtlik, fard, doston singari mumtoz
adabiyotimiz janrlari va she’riy shakllari bugungi voqelik mazmuni bilan boyitilmoqda,
rivojlantirilmoqda. Bular badiiy so‘z qadrini oshirishga xizmat qilmoqda. Xalqona
ruh,falsafa kechinmalarga yo‘g‘rilgan hikmatli ma’no tilning ifoda imkoniyatlari naqadar
kengligini tasdiqlayotir. Bular badiiy tafakkur madaniyatining yangi bosqichidan dalolat
beradi.
Hozirgi o‘zbek she’riyatida ijtimoiy-falsafiy yo‘nalishning kuchayishi, avvalo,
mavzu-masalalarning xilma-xilligida (Vatan, erk, istiqlol, turkiy ulus birligi, e’tiqod va
riyo, sadoqat va hiyonat singari), zamondoshlarimiz psixologiyasi manzaralarining
ma’nodorligida, janr va shakllar rang-barangligida (sonet, sakkizlik, ruboiy, rondo, fard,
g‘azal, xokku, tanka, lirik poema, dramatik poema, tarixiy poema, ertak-poema, qasida-
poema va h.k.) namoyon bo‘lmoqda. Tarixiy yoki zamonaviy voqelikka munosabatda
millat, Vatan manfaatlari nuqtai nazaridan baholanayotgan she’riyat xalq hayotining bir
bo‘lagiga aylanganini zohir etmoqda.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
49
Lirik qahramon tabiatida davr shiddati, ijtimoiy munosabatlar murakkabligi,
zamondoshlarimiz tashvish-quvonchlari o‘z ifodasini topmoqda. Poemachiligimizda Ibn
Sino, Beruniy, Amir Temur, Navoiy, Bobur, Pahlavon Mahmud, Temur Malik, Halil
Sulton, Jaloliddin Manguberdi, Mashrab, Avaz, Nodirabegim, Hamza, Furqat singari
tarixiy shaxslar obrazlari orqali xalqimiz hayotining kamolot bosqichlarini, hozirgi
taraqqiyotning tarixiy asoslarini, ijtimoiy ildizlarini aks ettirish alohida sahifaga aylandi.
She’riyatning falsafa, tarix, folklor, fan, estetika tasviriy va amaliy san’at, musiqa
va h.k.) bilan aloqasini, bir-birini boyitib borishi hodisasini, ifoda imkoniyatlarini
o‘rganish alohida bir tendensiyani tashkil etadi. Mazkur tadqiqotchilik yo‘nalishi badiiy-
estetik tafakkur rivojida o‘zgacha ahamiyatga ega. Zero, badiiy adabiyot bilan boshqa
san’at turlarining bog‘liqlik asoslarini, ijtimoiy-falsafiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni va
rolini yoritish galdagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Mustaqillik davri adabiy hayoti haqida mulohaza yuritish – bu uning tabiatida
shakllangan badiiy didlar, estetik saviyalar to‘g‘risida fikrlashish demakdir. Istiqlol
birinchi galda badiiy ongdagi stereotiplarni, qotib qolishga moyil tasavvur va
tushunchalarni, nuqtai nazarlarni sindirdi. Istiqlol samaralari tarixiy-madaniy, diniy
merosga, buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan ehtirom tuyg‘ularida namoyon bo‘lmoqda.
Istiqlol boqiy qadriyatlarga tayanib kelgusi taraqqiyot yo‘llarini belgilamoqda.
Istiqlolning badiiy-estetik tafakkurga olib kirgan yangiligi, bu insondan uzoqlashgan
adabiyotni insonga qaytardi.
Endi, XXI asrda badiiy-estetik tafakkur qanday bo‘ladi, degan savol tug‘ilishi
tabiiy. Nazarimizda, u mafkuralashmagan, odamni himoya qiladigan, ulug‘laydigan,
millat va Vatan manfaatlariga xizmat qiladigan badiiy madaniyat bo‘lib qoladi. Jahon
xalqlari badiiyatining uzilmas oltin xalqalaridan biriga aylanadi.
Mustaqillikka bag‘ishlangan asarlar istiqlol adabiyoti mundarijasini yangi
talqinlar, falsafiy-axloqiy, badiiy-estetik g‘oyalar bilan boyitmoqda. Milliy g‘urur-iftixor
tuyg‘ulari, millatparvarlik, insonsevarlik, ma’naviy-intellektual boyliklar yaratish
g‘oyalari istiqlol badiiyatining ustuvor yo‘nalishini belgilamoqda. Tarixiylik, milliylik,
xalqchillik, hayotiylik uning еtakchi estetik prinsiplari mag‘zini tashkil etmoqda. Lirik
qahramonlarning mushohada-kechinmalarida mustaqil yurtga egalik hissi, buyuk o‘tmishi
va kelajagi bo‘lgan xalqqa mansublik tuyg‘usi o‘zak mazmunni belgilayotir.
Millat, Vatan, shaxs erkiga bag‘ishlangan asarlarda istiqlol bashariy qadriyatdir,
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
50
uni asrash, qadrini baland ko‘tarish burchimizdir degan konsepsiya еtakchi. Milliy g‘urur
tuyg‘ularining ildizlarini ko‘rsatuvchi mushohadalar yuksak pafosda ifodalanayotir.
Istiqlol she’riyati xalqimiz ongi-dunyoqarashidagi o‘zgarishlarning amaliy tasdig‘i,
ijtimoiy uyg‘onishning estetik ifodasi bo‘ldi. Bugungi yangilanishlar turkiy ulus tarixi,
erk-hurriyat uchun olib borilgan kurash g‘oyalari, vatanparvarlik uyg‘unlikda
tasvirlanmoqda. Erkparvarlik g‘oyalari, imon salomatligi, e’tiqod butunligi, dil-ruh
erkinligi bugungi she’riyatimiz mazmunini tayinlayotgan bosh yo‘nalishlardir. Xususan,
tuyg‘u-kechinmalar insoniy taqdirlar ifodasiga aylanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda,
milliy g‘urur fenomeni badiiy-estetik tahlil madaniyatida lirizmga yo‘g‘rilgan publitsistik
nutqni, falsafiy teranlikni, psixologizmni ko‘chaytirdi.
A.Oripov badiiyati XX asr o‘rtalari XXI asr boshlari she’riyatimiz tarixida alohida
yorqin bir sahifa. Har ikk shoirning adabiy-tanqidiy maqolalari yangilanayotgan estetik
mezonlarning (tarixiylik, milliylik, xalqchillik, hayotiylik, haqqoniylik singari)
shakllanishiga ta’sir ko‘rsatayotir. Lirikasi, dostonlari, tarjimalari orqali namoyon bo‘lgan
badiiy mahorat maktabi, falsafiy-psixologizm XXI asr adabiyotimiz taraqqiyotida ustuvor
yo‘nalishlardan bo‘lib qolishi, shubhasiz.
Shaxsni komillik maqomiga ko‘tarishda odob-axloq tarbiyasi birinchi o‘ringa
qo‘yib kelindi. Fikr-aql tarbiyasi, tuyg‘ular tarbiyasi negadir e’tibordan chetda qoldirildi.
Shu ma’noda, shaxslarni kamol toptirishdagi tafakkur tarbiyasida, milliy g‘urur
tarbiyasida Abdulla Oripov she’riyati ayricha ahamiyatga ega. Bedil, Dante, Alisher
Navoiy, G‘afur G‘ulom badiiy an’analari, estetik tajribalari ruhida shakllangan shoir
tabiatidagi iqtidor imkoniyatlarini yuzaga chiqarishida bosh omil bo‘ldi. Hissiy tafakkur,
mushohadakor kechinmalar, qabariq obrazlilik Abdulla Oripov badiiyatining
ustozlaridan, salaflaridan ajratib turgan еtakchi alomatidir. Ramzlar asosida mushohada
yuritish va badiiy umumlashmalarda falsafiy teranlikka erishish yana bir fazilati.
Milliylik, xalqchillik, tarixiylik singari xususiyatlar shoirlarimizning millat va
Vatan manfaatlari bilan yo‘g‘rilgan tuyg‘ulari, mushohadalari orqali ayonlashayotir.
Tabiat bilan til topishish insonni ma’naviy qashshoqlikdan xalos etadi, degan fikr
bor.
Haqiqatan ham tabiat - «ilohiy maskan», unga bepisand qarash, uni sevmaslik
inson boshini ko‘p balolarga duchor etadi. Inson ona tabiatdan yiroqlashsa, o‘zini
bilishdan uzoqlashadi va qalbi kambag‘allashadi. Demak, tabiatdagi har bir o‘zgarish yoki
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
51
hodisa inson taqdiri bilan uzviy bog‘liq. Shuning uchun hayotdagi u yoki bu o‘zgarishlar:
quvonch yoki qayg‘u, alam, yo‘qotishlar tabiat fasllariga qiyosan ochib beriladi. «Bahor
tilaklari» she’ri shunday satrlar bilan boshlanadi:
Nechun ko‘klam madhi tushmas g‘azaldan,
Shoirlar bahorni kuylar azaldan?
She’r davomida shoir shu savolga javob beradi. Ya’ni: Bahor - ishq
fasli, oshiqlar bahorda «zangori kenglikka boqib», «qo‘shiqlar aytadi
bag‘rini yoqib».
Bahorda tabarruk chollarning chakkasida ham ham gul ko‘rasiz. Demak,
«momolarning o‘yida» ham, ko‘nglida ham bahor nashidasi tashrif buyuradi.
Azizim, g‘unchaga nazar sol bir on,
Bag‘rida hozircha turfa hol pinhon.
Ranglar yashar unda balki pushti, oq.
Ajab, tikoni ham hozircha yumshoq.
Tong chog‘i shabboda ko‘taradi bosh,
Oh, nechog‘ latifu nechog‘li yuvvosh.
Xullas, «Bahor norasida go‘dakday shirin» hamda uning «qo‘ynida ezgulik,
armon yashirin» bo‘lganligi uchun ham ushbu fasl azal-azaldan shoirlarning diqqatini
o‘ziga jalb qilib keladi.
Abdulla Oripovning bahor haqidagi har bir she’ri ma’no jihatdan ham, tuyg‘u,
ohang va ifoda nuqtai nazaridan ham o‘ziga xos xususiyat va yangiliklarga ega. Uning,
ayniqsa, «Bahor» manzumasi alohida e’tiborga molikdir. Ushbu she’rda shodlik va
qayg‘u, visol va hijron, sevgi va hasrat, g‘am va umid o‘zaro uyg‘unlashib ketgan.
She’rning umumiy ohangi esa ana shu hayotiy murakkablik va uyg‘unlikdan tug‘ilgan.
Shuningdek, «Yana bahor keldi»... degan oddiy xabar
bilan boshlangan mazkur she’rda
tabiat ko‘rinishlari va inson ruhiy holatlari, hayot va o‘lim haqiqatlari, xotira va qo‘msash
hissiyotlari ajralmas birlikka erishgan.
Mumtoz adabiyotimizda kuz, xazon, xazon yaprog‘i kabi timsollarda hijron, oshiq
qalbining turli-tuman azob va hasratlari tasvirlangan.
Abdulla Oripovning ayni shu obrazlar talqinidagi yangiliklari yoritib berilgan.
Shoir sevib qo‘llagan еl (shamol), yulduz kabi obrazlar tahliliga ham ishda alohida o‘rin
ajratilgan.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
52
Adabiyotda yangi yo‘l topish va g‘oyaviy-badiiy yangilik yaratish oson ish
emasligi ma’lum. Shuning uchun an’ana to‘g‘risidagi fikrlar hamma vaqt kashfiyotchilik
xususida o‘ylash va so‘z yuritish bilan uyg‘unlik topib kelgan.
Zero, «... novatorlik san’at va adabiyotda g‘oyaviy-badiiy jihatdan formani yangi
imkoniyatlar hisobiga boyitish demakdir. Real voqelikda poetik fikrda, tasviriy
vositalarda ham hech kim ishlatmagan va ko‘rmagan tomonlarni birinchi bo‘lish ishlatish,
ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lishdir»
3
.
Abdulla Oripov she’riyatiga mana shu nuqtai nazardan yondashilib baho
beriladigan bo‘lsa, uni haqiqiy yangilik yaratuvchi, ya’ni kashfiyotchi shoir deyishga to‘la
asoslar mavjuddir.
Chandon ochilgan gullar yolg‘iz g‘unchalarning yorug‘ kulgusi emas, yo‘q. Ular
hayotning boqiyligi, tiriklikning ne’mati yorug‘likning g‘animatligi va sharofati haqidagi,
o‘tkinchi fasllarning fayzi, qadri va armonlari xususidagi, bog‘bon mexnati va reza-reza
peshona teri to‘g‘risidagi ildizlarning timsolli, rangdor qo‘shig‘idir, aslida.
Hayot benazir, bebaho ne’mat, tabiat – betakror go‘zal hilqat. Ana shunday
ma’voda nega odam notugal. To‘kis, bekami-ko‘st emas? Nega bir ko‘zi ikkinchisini
o‘yaman, deydi? Nega bir qo‘li ekkan ko‘chatlarni ikkinchisi qirqib quritadi? Nega biri
bunyod etsa, ikkinchisi barbod etadi? Nega inson deb atalgan xilqat munchalar sirli,
anglab bo‘lmas sehrli? Biri yorug‘lik, erk uchun kurashsa, ikkinchisi nurni kishanband
etadi, ziyoning-yuziga qora to‘r tashlaydi. Nega? Boisi nima? Hamma-hammasiga
bandaning xom sut emganligi sababmi? Komil emaslining kaliti kimda? Nimaga bog‘liq?
Bular – Abdulla Oripovni shoir sifatida hamisha uylantirib kelayotgan, qo‘liga
qalam tutqazgan, qulfi-dilini ochib, ko‘nglidagi og‘riqli savollarga javob topishga
undagan hayot-tiriklik muammolaridir. Bular, aslida, olamning odam oldiga qo‘yayotgan,
еchimini izlashga da’vat etib kelayotgan adabiy so‘rovlari. Shu ma’noda, Abdulla Oripov
qalbiga tinchlik bermayotgan, hayollarini junbushga keltirgan hayot hikmatlarini tabiat
xossalaridan, ranglaridan izlaydi. Olam sir-sinoatlarini anglatishda so‘zlar shoir uchun bir
kalit vazifasini o‘taydi.
Abdulla Oripov lirikasi bizni hamisha sabr-qanoatga, mas’uliyatga undaydi. Shu
ma’noda, she’riyat – hayotning sehrli hikmati, deging keladi. Negaki, hayot saboqlari
3
Юнусов М. Барҳаёт анъаналар. – Т., 1969. – Б. 70.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
53
umrni besamar o‘tkazmaslikka, yomonliklarni daf etib, ezgulikka oshno tutinishga da’vat
etadi. U o‘zidan nusxalar ko‘chirilishiga orzumand emas. Shoir she’rlarining badiiy-
estetik ta’sir kuchi shundaki, ular ko‘hna olam bag‘rida yangi ruhoniy vatan yaratishga
ishtiyoqmand.
Poetik so‘zning ma’naviy olam yarata olishdek salohiyatiga ishonadi. Inson ichki
dunyosini anglashda, ifoda etishda so‘z beqiyos kashshofligini dil-dildan tuyadi. Tog‘-
toshlar uvalanadi, qoyalar, granitlar еmiriladi, minoralar nuraydi. Va lekin asrlar o‘tadiki,
ma’noli so‘zga kuya tushmaydi. Hikmatli so‘z nuriga gard yuqmaydi. Zero, har qanday
yaltiroq jez oltin emas. U qorong‘u kechalari mahliyo qilgan, ko‘zimizni jovdiratgan
shilliq qurt ham bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda, so‘z – ma’naviy non. Uni ko‘ngillar, ong-
shuurlar dasturxonida ushatib baham ko‘rish mumkin. U shunaqa aziz ne’mat. She’r esa
so‘zlarning mehr-muhabbatga aylangan shakli.
Garchand, insonning o‘zi o‘tkinchi esa-da, insoniylik boqiydir. She’riyat
insoniylikni, oliyjanoblikni boqiylashtiruvchi, hayot go‘zalliklariyu go‘zallikning
haqiqatlarini so‘zlar xotirasiga muhrlashi bilan benazir. She’r Abdulla Oripov talqiniga
ko‘ra vijdon tug‘yoni va samiyatdir, u insonni yanada go‘zal va olijanob etuvchi qudratga
ega.
Abdulla Oripov lirikasida hayot hikmati, umr-tiriklik hosiyati falsafiy yo‘nalishda
badiiy tadqiq etiladi. Xususan, umr mohiyati hayot ranglaridan ma’no o‘qish va uqish
bilan uyg‘un namoyon bo‘ladi. Lirik qahramonning hayot, mehnat, mehr-oqibat haqidagi
o‘y-mushohadalari mohiyatan ezgulik, go‘zallik, baxt haqidagi shoir qarashlarining
falsafiy mag‘ziga aylanadi. Bu borada tabiatning ma’noli manzaralari shoir she’rlarining
badiiy pafosini belgilaydi. Dov-daraxtlar zaminning odamlarga aytayotgan dil so‘zlari.
Ular shoirning tabiat va boqiylik haqidagi o‘ylariga qatiy mazmun bag‘ishlaydi. Aslida
yorug‘lik quyoshning olam bilan odamni alqagan mehr-muhabbatidir.
Abdulla Oripov lirikasi uchun xos xususiyatlardan yana biri shundaki, shoir oddiy
turmush, maishiy hayot ko‘rinishlari bilan olamning boqiy manzaralari o‘rtasida
mushtaraqlik ko‘radi. Ularni bog‘lab turgan narsa esa inson ko‘rguliklari, hayotning
boshlarimizda yurgizgan tegirmon toshlaridir. Dunyo shevalarini tushunishda, aks
ettirishda ana shu bog‘liqlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu narsa Abdulla Oripov ijodiy
individualligini belgilovchi omillar sirasidandir.
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
54
Lirik qahramon shamolning hayollariga singib ketadi. Maysalarning yam-yashil
so‘zlariga tuyg‘ularini o‘raydi. Dov-daraxtlar, tog‘u toshlar, qir-adirlar, dala-dashtlar
yuragida barq urgan iddaosi ila tillashadi. Tabiat detallari lirik qahramonni odam yozuqi
haqida fikrlashga undaydi.
Olamni tushunishda, tanitishda Abdulla Oripov lirikasida inson va tabiat
uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Qizg‘aldoq bilan bezangan adirlar, chimzorlarning ko‘m-
ko‘k barqut gilami, ming xil qushlarning ming bir nag‘masi, yonboshlagan tog‘ning
o‘ychan boshiga yoqqan qor, tesqari oqqan daryolar yig‘isi lirik qahramon qalbida ajab
hislar uyg‘otadi. Bu tuyg‘ular sehrini kim bilandir bo‘lishish ishtiyoqi she’rlar shaklida
ko‘z ochadi. Shu bois shoir uchun olam xushro‘y ifor, xushbo‘y tarovat belanchagi bo‘lib
ko‘rinadi. Shu ma’noda, tabiat mashshoq, bastakor. Mabodo, qushlar sayramay qolsa, bu
olam behad qashshoqlashib ketadi.
Umr – faqat oftobli kunlardan, novvot choylardan, yam-yashil bog‘-rog‘lardan
iborat emas. Aslida, “Bulut – ko‘k yuzuga tushgan ajindir”, “Qaylardadir orzular yulduz
bilan sirlashar”, “Qay burchakda hiyonat sekin-sekin ip eshar”; “Tun-qora soch ostidan
nafas oladi umr”; “Bulbul emas, men ko‘rgan qush; Boyqushligin so‘ng bildim”; “Har bir
daraxt bir dunyo, har bittasi bir olam”; “Yaxmalak yo‘llar ham ekan ko‘rgulik”; “Tikilib
maysaning lablari kuydi” va h.k. Tabiat o‘zining manzarali kechinmalari bilan lirik
qahramon hayotining ko‘rkini belgilaydi. Tabiat go‘zalligi bilan odamiylik xislat-
xususiyatlari uyg‘unlik kasb etganligi boisidan ham kechinmalar fayzli.
Shoir ijodida folklor poetikasiga xos bo‘lgan prinsiplarning yuzaga chiqishi
tasodifiy emas. Ular yaxlit tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Bu shoirning sof lirik asarlari
uchun ham, epik yaratmalari uchun ham bir xilda xosdir.
Abdulla Oripov she’rlarining asosini tashkil etgan mazmun tabiat, ijtimoiy voqelik
hamda inson faoliyatining uyg‘unligidan vujudga keladi. Ana shu omillar go‘zallikning
mukammalligini, hayotning azaliyligini asoslaydi. Quyosh samoga ko‘tarilarkan, uni
birinchi bo‘lib qushlar, yaproqlar, nihollar qarshi oladi. Bulbul chah-chahlarkan, feruza
nahorning safosini chanqoq simiradi. Lirik qahramon daryoga, bog‘larga, tog‘u daralarga
yashnoq go‘zallik timsolisimon boqadi. Hayot darsini chanqoq o‘qiydi. Ular og‘ushida
inson mehri, e’tiqodining izlari bor. Lirik qahramon insonning chaqindek zehniyu,
bunyodkor mehnatida kamalaqlar rangini, yashil dalalarda go‘zallik uchqunlarini ko‘radi.
Tabiat bo‘yoqlarida jilvalangan go‘zallik Abdulla Oripov she’rlarida bolalik
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
55
tasavvurlarini jonlantiradi. Ular sayron kechalarning g‘ir-g‘ir shamoli, bedazorda
kishnagan to‘yin yilqilar, sahiy jazirama oftob, mag‘rur tog‘lar obrazidan tarkib topadi.
Yolg‘iz oftob emas, so‘zlar ham nurposh shu’la taratadi. Faqat so‘zlarga nur
maqomini berish ijodkorning iste’dod darajasiga, ma’naviy-intellektual saviyasiga,
axloqiy madaniyatiga bog‘liq. Tabiat-jamiyat-inson robitalari, umr oniyligiyu hayot
boqiyligi singari masalalar shoir oldiga yangi-yangi vazifalar qo‘yadi. Bu-har bir so‘z
zimmasiga doimo yangi mazmun yuklash demakdir. Bu yangi-yangi badiiy-estetik talqin
ma’nolari demakdir. Hak so‘z qoshida tiz cho‘kkan ehtirom iste’dodning ertangi
izlanishlariga katta ishonch uyg‘otadi.
Xulosa
Abdulla Oripov ijodida xalqona ohang, obraz va tasvirlar doimo shoirning badiiy-
estetik maqsad va vazifalariga uyg‘un kelgan. Bunda bir qator o‘ziga xosliklarning
mavjudligini qayd etish lozim:
1. Abdulla Oripov xalq og‘zaki ijodiga xos bo‘lgan tasvir usullari, motiv va
obrazlardan ba’zan ongli ravishda, ba’zan ong osti qatlamlaridagi intiutiv sezim kuchi
bilan foydalanadi. Har ikki holatda ham ular shoir tasavvur kuchining kengligi, tug‘ma
shoirlik iste’dod imkoniyatlari tufayli tabiiy va quyma satrlar tarzida namoyon bo‘ladi.
2. Qadimgi turkiy folklor an’analarida mavjud bo‘lgan tasvir xususiyatlarining
o‘zbek muhitidagi in’ikosi sifatida epik tasvirdagi motiv va ifodalar individual ijod
qonuniyatlari bilan omixtalashgan shaklga ega bo‘ladi. Bunda qadimiy ohanglarning aks-
sadolari zamonaviy talqinlar bilan yonma-yon holda yashay oladi.
3. Lirik tasvirlarda bu holat ko‘pincha ayrim ifodalarning yangicha talqinlarida,
xalq maqollari, turg‘un birikmalarning qo‘llanishida ko‘zga tashlanadi. Shunday hollarda
ham maqolning qo‘llanishida yangicha ma’no nozikliklari yuzaga keladi, ularning
umumiy matn bilan aloqadorligida esa mahorat qirralari ko‘zga tashlanib turadi.
4. Abdulla Oripov xalq og‘zaki ijodidagi ba’zi g‘oya, motiv, obrazlardan ijodiy
foydalanish bilan kifoyalanmasdan, folklordagi tasvir prinsiplarini zamonaviy she’riyatga
o‘z o‘rnida tatbiq qilish jiddiy va kutilmagan ijodiy samara berishini amalda isbotlay oldi.
Bu holat oxir-oqibatda she’rning mutlaqo yangi va kuchli jarangga, takrorlanmas poetik
kuchga ega bo‘lishini ta’minlaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
1. Qo‘shjonov M. Kamalakdek serjilo (“Yillar armoni”ga so‘zboshi). – T., 1984
ISSN (E): 2181-4570 ResearchBib Impact Factor: 6,4 / 2024 SJIF 2024 = 5.073/Volume-3, Issue-7
56
2. Qo‘shjonov M. Onajonim she’riyat. - T., 1984.
3. Normatov U. «Yoshlar haqida o‘ylar» / To‘plam. – T., 1975
4. Boboev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – T., O‘zbekiston, 2002. – B.560.
5. Boltaboev H. Nasr va uslub. – T., Fan, 1992. – B.98.
6. Yo‘ldoshev Q., Yo‘ldosheva M. Badiiy tahlil asoslari. – T., Kamalak, 2014. – B.464.
7. Karimov B. Ruhiyat alifbosi. – T., G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy
uyi, 2015. – B.362.
8. Karimov N., Mamajonov S., Nazarov B., Normatov U., Sharafiddinov O. XX asr
o‘zbek adabiyoti tarixi. – T., O‘qituvchi, 1999. – B.544.
