564
5. O'Keeffe, A., McCarthy, M.J. and Carter, R. From Corpus to Classroom. Cambridge:
Cambridge University Press. 2006.
6. Carter, R.A. Vocabulary in Language Teaching. London: Longman.1987.
NAZAR ESHONQUL IJODIDA BADIIY MAKON VA XARAKTER
UYG‘UNLIGI
PhD, doktorant Cho‘liyeva Nilufar A’zam qizi
O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Nazar Eshonqul qissa va hikoyalarida badiiy makon va
uning xususiyatlari, tanlangan adabiy makonning obraz va xarakterlar bilan uyg‘unligi tadqiq va
tahlil etilgan.
Kalit so‘zlar:
hikoya, qissa,
badiiy makon, obraz, xarakter, milliy qadriyat, milliy
qiyofa.
Badiiy makon har bir ijodkorning o‘z uslubi va “men”i uchun tanlagan maydoni, aslida.
Ya’ni “badiiy makon shunchaki predmetlar joylashadigan va hodisalar ro‘y beradigan muhit
emas, balki voqelik va ong obrazlari o‘zaro ta’sir qiladigan dunyo obrazidir” [1;50] Shu jihatdan
qaraganda ijodkorlar asarlarida badiiy makon va xarakterlar uyg‘unligi, makon va obrazlar
harakati kabi tushunchalar bir-biri bilan uyg‘un hamda bog‘liqdir. Nazar Eshonqul hikoyalari va
qissalari tahlilida ham ayni shu xulosalarning tasdig‘ini ko‘rish mumkin.
Adibning “Shamolni tutib bo‘lmaydi”, “Bepoyon osmon” hikoyalari, “Urush odamlari”
qissasida Tersota qishlog‘i badiiy makon vazifasini bajaradi. Ushbu uch asarda ham qishloq
odamlariga xos tantilik, mardlik, dangallik, chapanilik kabi hislatlar obrazlarda ham namoyon
bo‘ladi. “Shamolni tutub bo‘lmaydi” hikoyasidagi Bayna momo xarakteri nafaqat qishloq ayoli
qiyofasini yoritadi, balki o‘zbek ayolining matonati va jasurligi haqidagi qarashlarni ham
mustahkamlaydi.
“Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasi qishloqqa zamonaviy qiyofa berib turgan uylar va
bu uylarning aksi – eski, nurab, egasining qalbiga o‘xshab to‘kilib qolgan uy tasviri bilan
boshlanadi: “Yuz yildan bеri tеrsotaliklarning g'ururi va faxri bo'lib kеlgan, zamonaviy qilib
qurilgan ravoqli uylar qarshisida yuzdagi chipqondеk qishloqqa ko'rimsizlik va kеksalik
bag'ishlab turgan, noma'lum va mudhish sinoatlarga to'la qadim qo'rg'onni eslatuvchi Bayna
momoning uyini xuddi unutishga va yo'q qilishga mahkum etilgan xotiradеk nihoyat buzib
tashlashga kirishishdi…” [4;331] Muallif tasvir orqali eski xotiralarga, ularning uy sohibasi kabi
unutilganiga ishora etadi. Bu kabi kontrast tasvirlardan maqsad qahramonning qishloq
odamlariga munosabati, hatto butun borliqqa qarshiligini aks ettirishdir. Matnda uy makonining
boshqa uylardan farqliligi, yakkaligi esa “dunyodan izsiz va yolg‘iz o‘tish uqubatini ko‘tarib
kelgan” kampirning ham yolg‘izligini ta’kidlaydi. Eri va o‘g‘li Zamon otboqar tomonidan otib
tashlangach, momoning otboqarga, sho‘rolarga bo‘lgan nafrati quyuq bo‘yoqlarda aks ettirilgan.
Qadriyatlarimizga ko‘ra, inson vafot etgach uning jasadi eng yaqin insonlari tomonidan dafn
qilinadi. Momoning esa hech bir yaqini yo‘q. Bayna momoning esa Zamon otboqar tomonidan
shu mavzuda izg‘ilanishi dialoglar orqali beriladi: “- Sеn mеnga bunday qarama, - Zamon
otboqar qamchisini havoda silkitar ekan. - Ering bu еrda bo‘lmasa boshqa еrda baribir o'lgan
bo'lardi. Sеn esa xavotir olma, o'lsang itlarim ko'madi. - Shunday dеb u bo'ribosarlarni ko'rsatdi”.
[4;334]
Bu holat esa sobiq sho‘ro davrida qishloq toposiga xos mehr-oqibat, qardoshlik
qiyofalarini ham burdalab tashlashga urinish bo‘lganini ko‘rsatadi. Bayna momo xarakteridagi
nomus, oriyat, o‘zbeklarga, ko‘proq qishloq odamlariga xos bo‘lgan birdamlikni qadrlashining
kuchi uni yillararo o‘zgargan qishloqdoshlaridan-da uzoqlashtirib qo‘ydi: “Uning (Bayna
momoning – N.Ch.) bug'doy ko'tarib yurishidan ori kеlgan Ollomurod tеgirmonchi Bayna
momoni insofga chaqirdi:- Siz bunday ovora bo'lib yurmang, - dеdi u. - Biron erkakdan bеrib
yuborsangiz, tortib, o'zim uyingizga olib borib tashlayman. -Bu qishloqda erkak yo'q, - dеdi
Bayna momo zarda bilan, so'ng yеlkasidagi bug'doyni tеgirmonga kiravеrishda tushirdi.
Gapirayotganda ovozi titrab kеtdi. Tеgirmonchi tilini tishlab qoldi. Bayna momo bir paytlar faqat
565
qishloq emas, butun tog'li xalqning orini ko'targan, nomini chiqargan Rayim polvonni quloq
dеya ta'qib qilishlariga, so'ng itday xor qilib otib tashlashlariga yo'l qo'ygani va o'g'li bilan erini
zamonning egasi, bir paytlar Rayim polvonning malayi Zamon otboqar ixtiyoriga bеrib qo'ygani
uchun qishloqdoshlarini kеchirolmas, ularga bo'lgan nafrati susayish o'rniga, yillar o'tib, ota-bola
o'ldirilgan oqshomdan uzoqlashgan sayin ko'proq o'rni va qadri bilinayotgan, o'zini hayotning
barcha quvonchidan bir yo'la mahrum etgan, yolg'izlikning ko'r musibati aro tobora avjlanib,
Bayna momoning kеksaligi bilan birga injiq va yo'riqsiz bo'lib borardi. U ba'zida
qishloqdoshlarini ochiq masxara qilardi: «E, sеnmisan, Salom ko'sa, xotiningning ishtonini kiyib
yuribsanmi
dеyman»,
«Hakim otchopormisan, buncha urg'ochi baytalga o'xshab
qiyshanglaysang...» «Bu qishloqning ayollari endi faqat xеzalak tug'adi»” [4;335-336]. Asarda
momo nutqi uning xarakteri va u yashaydigan makon bilan chambarchas bog‘liq. Muallif ushbu
xarakterni shakllantirishda ayni shu jihatlarga ko‘proq urg‘u beradi. Momo uyidagi detallar ham
shunday vazifaga xizmat qilgan. Hikoya matnida badiiy vaqt (zamon) ikki xil sur’atda
kechgandek tasavvur uyg‘otadi: “Tеrsotaliklar endi aeroplanlar haqida gaplashishardi. Ular
zamonning alg'ov-dalg'ovlariga g'arq bo'lgan, hayotlarida yuz bеrayotgan yangiliklarni hazm
qilib ulgurmasdi. Yillar bilan birga hamma narsa o'zgarar, faqat Bayna momogina uni sеzmas,
go'yo uning uchun vaqt o'sha holicha qotib qolganday, uni hamon o'sha ellik yil oldingi - eri va
o'g'lining o'ligini askarlar tеpkilab o'tishgan ustun oldidan topish mumkin edi” [4;333]. Mazkur
parchadan texnika taraqqiyotining odamlar hayoti, dunyoqarashi va qadriyatlariga bo‘lgan
“hujumi” muayyan makonning ham, odamlar fe’l-atvorining ham o‘zgarishiga sabab
bo‘layotganini anglash mumkin. Hikoya muayyan makon, unda kechayotgan voqea-hodisalar
qahramonning ichki va tashqi tashkillanganiga, zamonning shiddatiga hamda ijtimoiy-siyosiy
munosabatlarning erksizlik, qaramlik ko‘rinishida bo‘lganiga ishora etadi. Qishloq ayoli, o‘zbek
onasi qiyofasi makonga xos xususiyatlar, belgilar bilan yorqin tasvirlanadi. Nazar Eshonqulning
“Bepoyon osmon” hikoyasida ham ayol qiyofasining milliy xarakteri ta’sirchan syujet orqali
ochib berilgan.
Hikoya qahramoni Oyto‘ldi haqidagi: “yangam Tersotaning eskicha an’analariga,
eskicha munosabatlarga hali ham sodiq qolgan obro‘li xonadonidan edi”, “o‘zining yuvoshligi,
jonsarakligi, tilidan “jonim”, “jonim” tushmasligi, teng-to‘shlarimning hammasini “o‘zimning
bolam” deb erkalashi tufayli barcha qishloq bolalarining ham tutingan onasiga aylangan, ular
ulg‘ayib, hayotning tashvishlariga o‘ralashib qolib, o‘z jujuqlariga ham mehr berishga vaqtlari
yetmay qolgach, Oyto‘ldi enamning qishloqdagi har bir norasidaga mehr berishga, ko‘nglini
olishga, bironta bola og‘rib, yotib qolganini eshitsa, pishiriqlaru tabibchilikdan andak xabardor
bo‘lgan otasidan o‘rgangan qaynatmalarni damlab, bir pasga bo‘lsa ham ko‘rib, erkalab kelishga
har qanday mahal, har qanday faslda, izg‘irinu jazirada imkon topganidan hayratga tushgan, umr
daftarlarining bir burjida hamisha uyining bir chetida ko‘cha to‘ldirib o‘ynayotgan bolalarga
havas va orzumand tikilib o‘tiradigan, oldidan o‘tgan har bir bolani uyiga olib kirib, qand-qurslar
bilan siylaydigan qiyofada saqlanib qolgan bu o‘ksik ko‘ngil sohibasiga nisbatan mehrlari
yanayam oshgan, men tengilarning deyarli hammasining xotirasida qishloq ko‘chalarida yor-yor
aytib uzatib kelishayotganda shamol olib qochib ketgan ro‘moli izidan yugurib yurganda bo‘yni-
yu ko‘ksini bezab turgan zebu gardon jilosida yuzi xuddi to‘lin oyday yorishib ketgan kelinchak
bo‘lib qolgan ayol” [4;383-384] kabi ta’rif-u-tavsiflardan uning xarakter-xususiyatlari u
ulg‘aygan zamin bilan uyg‘un ekani anglashiladi.
Hikoyada yana bir ayol – amma obrazi ham bo‘lib, ushbu obraz o‘zining singillik,
qayniegachilik vazifasini bajarishga doim shay ayol sifatida gavdalangan. Amma xarakteriga xos
kuyunchaklik, asl muddaoni shart-shurt yuzga aytish, qaysarlik, fikrini o‘tkazishga urinish
kabilar oilada o‘g‘il farzandlar ichida yakka ulg‘aygan erka qizning bolaligidan meros qolgan
xislatlari edi. Befarzandlik azobini yelkalab yashayotgan akasiga achinish, bunga sabab deb
bilgani – yangasidan nafratlanish obraz nutqida ham namoyon bo‘ladi: “Otamning go‘rga
kirganiga yetti yil bo‘lgan oshnasi deb yetmish yil chidamaymiz. Yetar shuncha yil sabr
qilganimiz. Agar shu bilan ham qo‘zilamasa, bu tug‘mas xotindan ajralasiz, boshqaga
uylantiramiz. Nima, boshingizga yostiq qilarmidingiz bu bepushtni?! Buning ko‘zini o‘ynatib,
566
bir farzandli bo‘ling” [4;392] Obrazning shu kabi yuzing-ko‘zing demay so‘zlashi, qaysarligi
muallifning “Urush odamlari” qissasidagi Biydi momo obrazini yodga soladi. Biydi momo
qissada metin irodali, tog‘dek bardoshli, chidamli, o‘ta mehnatkash, tik gapli, haq so‘zni aytishda
hech kimni ayamaydigan ayol sifatida gavdalanadi. Uning eridan erta beva qolib, butun
ro‘zg‘orning og‘irini o‘z gardaniga olishi, erkakli uylar qiynalib qolgan yillarda ham uning
dasturxonida doim non bo‘lishi, qahratondayam uyida o‘tin bo‘lishi momoning g‘ayratidan darak
beradi. Momoning qiyinchiliklarni o‘zining tuganmas mehnati bilan yengib o‘tganligi tasvirlari
go‘yo Anziratga nisbatan qiyoslanadi, qarama-karshi qo‘yiladi. Biydi momoning hech kimga
o‘xshamas xususiyatlari, fe’l-atvori, shijoati, voqelik ustidan hukm chiqarishi uning to‘laqonli
xarakter darajasida ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, ikkala o‘g‘lidan ham qoraxat kelganidagi holati
– bu xabarni keltirgan qishloqdoshlari oldida har qancha qiyin bo‘lsa-da yig‘lamagani, shu holda
ham g‘ururini baland tutganidan o‘zidan qoniqish his etishi obrazning o‘ziga xosligini yana bir
bor ta’minlagan. O‘g‘illarining bevaqt o‘limidan so‘ng momo urushdan chinakamiga nafratlanib
qoladi. Bu nafratining alamini odamlardan, aniqrog‘i, Anziratdan oladi. Urushning sababchilari
aynan Anziratga o‘xshagan xiyonatkor ayollar deb o‘ylaydi. Uning Normatga qilgan iddaolarida
ham shu xulosa qalqib turadi. Biydi momo xarakteriga xos xususiyatlardan yana biri uning or-
nomus, uyat, andishani har narsadan ustun qo‘yishida ham ko‘rinadi. Asar matniga e’tibor
qaratsak, momoning ba’zi ayollarning beparda gaplari uchun bergan tanbehlarida, unga turmush
qilishni taklif qilganlarga cho‘rt kesib rad javobini berishida, o‘zini doim adolatliman deb
o‘ylashida bu xususiyat yaqqol namoyon bo‘lgan. Anziratning xiyonatini eshitgach esa o‘zini
qo‘yarga joy topa olmaydi. Uning qalbidagi barcha nafrati Anziratga va unga o‘xshagan
xiyonatkor ayollarga qaratiladi. Shu nafrat olovida to‘lg‘onib, Normatga shunday deydi:
“ – O‘ldir, o‘ldir ularni, urug‘ini yo‘qot bu dunyodan! So‘ng kelib, meni ot, mayli...
men bechora... bir qarovsiz kampirni ot, mayliga... Ohu-uhu-u hu! – Yo‘talib, yig‘lab yubordi-
da, madorsizlanib, o‘mgani bilan gilamning ustiga yotib qoldi” [5;105]
Biydi momo achchiq ustida shunday deydi, ammo es-xushi joyiga kelgach xato
qilganini anglab yetadi. “Bepoyon osmon” hikoyasidagi amma obrazi ham Oyto‘ldining
o‘limidan so‘ng bu dunyoning, uning dardlari ham o ‘tkinchiligini ham tushungandek bo‘ladi.
Har ikkala ayol qiyofasida inson ruhiyatining naqadar murakkabligi, bu ruhiyatning shakllanishi
makon, zamon bilan bog‘liq ekani yaqqol seziladi.
Xullas, asarda badiiy makon va obrazlar, xarakterlar o‘rtasida ham shakliy-matniy, ham
g‘oyaviy-mazmuniy bog‘liqlik bo‘ladi. Shuning uchun ham “har qanday makonning asosiy
xususiyatlaridan biri bu yaxlitlikdir” [3;641], ya’ni badiiy makonning nafaqat hududiy, balki
voqelik va obrazlar, xarakterlar o‘rtasidagi munosabatlar tizimining bir butunligini hosil etuvchi
poetik tushunchadir. Shuningdek, badiiy asar makoni va zamoni janrni tashkillashtiruvchi
uzvlardir ham. Bu esa boshqa yana bir nazariy masala hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Рыбальченко Т.Л. Образный мир художественного произведения и аспекты его
анализа: Учебно-методическое пособие. – Томск: Изд-во Том. ун-та, 2012. – 130 с.
2.
Топоров В.Н. Пространство и текст / В.Н. Топоров // Из работ московского
семиотического круга. — М.: Языки русской культуры, 1997.
3.
Лотман Ю.М. Художественное пространство в прозе Гоголя / Ю.М. Лотман // Лотман,
Ю.М. О русской литературе. — СПб: Искусство-СПБ, 1997.
4.
Eshonqul N. Saylanma: I tom. – Toshkent: Akademnashr, 2022. – 512 b.
5.
Эшонқул Н. Ялпиз ҳиди. Қиссалар ва ҳикоялар. –Тошкент: Шарқ, 2008.
YOSH OLIMLARNING ILMIY IZLANISHLARI
