PEDAGOGIK ISLOHOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI
68
YOSHLAR TARBIYASI: MA'NAVIY QADRIYATLAR VA “OMMAVIY
MADANIYATNING O‘RNI
Toʻxtayeva Sitora Shuhrat qizi
Buxoro davlat pedagogika instituti psixologi
Annotatsiya:
Ushbu maqolada ta’lim va tarbiya jarayonida qadriyatlarning namoyon bo‘lish
shakllari, hamda ta’lim tarbiya jarayonida qadriyatlarning tasiri, millatning tarixi, yashash tarzi,
ma’naviyati hamda madaniyati, ommaviy madaniyat hamda axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik,
individualizm, egosentrizm, globalizatsiya bilan uzviy bog‘liq holda namoyon bo‘luvchi
qadriyatlarning ahamiyati haqida fikr mulohazalar yuritilgan.
Kalit so‘zlar:
Oila, qadriyat, ta’lim-tarbiya, barkamol avlod, milliy madaniyat, turmush tarzi, din,
urf-odat va an’ana, muomala madaniyati, mehr-oqibat, muruvvat, andisha va or-nomus, odob-
axloq, his-tuyg‘ular, axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik, individualizm, egosentrizm.
Mamlakatimizda bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni milliy qadriyatlar asosida intellekti
yuqori va vatanparvar qilib tarbiyalashga katta ahamiyat qaratil-moqda.
Abdurauf Fitrat oʻzining “Oila” nomli asarida bolalarni “diqqatlari va zehnlari chuqur va jiddiy
boʻlishiga oʻrgating.... Koʻrganlari ustidan tez xulosa chiqarmasinlar”, – deya ta'kidlab, farzand
tarbiyasiga e'tibor berish lozimligini uqtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi davlatimizning qomusiy hujjati boʻlib, bu hujjat tahlil
qilinganida unda yoshlar tarbiyasi, axloq-odobi, ijtimoiy himoyalangani, konstitusiyaviy haq-
huquqlariga oid etmishga yaqin atama va soʻz birlikmalari mavjud ekani ma'lum boʻldi. Jumladan,
bunyodkorlik gʻoyalariga sodiqlik, yuksak mas'uliyat, ijtimoiy adolatparvarlik, insonparvarlik,
demokratik-huquqiy davlat, fuqarolarning tinchligi, milliy totuvlik, xalqimizning urf-odatlari va
an'analari, qadriyatlari, ijtimoiy hayotda mafkuralar xilma-xilligi va erkinligi, inson va jamiyat
munosabatlaridagi ijtimoiy adolat, dunyo hamjamiyatida xalqlar va millatlarning suveren tengligi,
fuqarolarning e'tiqodi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, shaxsiy va ijtimoiy
mavqeidan qat'i nazar qonun oldidagi tengligi, sha'ni va obroʻsining daxlsizligi, fuqarolarning
vijdon erkinligi, adolatli mehnat, ijod erkinligi va har bir shaxsning madaniy yutuqlardan
foydalanish erkinligi, yosh avlodni tarbiyalash va bepul ta'lim olishi kabi fikrlar keltirilgan boʻlib,
ular Bosh Qomusimizda huquqiy jihatdan kafolatlangan.
Odob-axloq milliy qadriyatlarimizning tarkibiy qismidir. “Davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat
farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”[1].
Darhaqiqat, yosh avlodni qonuniylik prinsiplari asosida oʻz xalqiga, uning qadriyatlariga,
an'analariga, tili va madaniyatiga muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash orqali oʻz xalqini
millatlarning butun jahon hamjamiyatida tenglardan biri sifatida idrok qiluvchi haqiqiy insonni,
oʻz Vatanining jonkuyarini tarbiyalash dolzarbdir. Bilamizki, yoshlar ijtimoiy guruh sifatida, oʻzi
koʻzlagan maqsadi yoʻlida mamlakatdagi ijtimoiy tizim rivojiga bevosita faol ta'sir koʻrsatadi.
Yoshlarning ijtimoiy rivojlanishini ularning ma'naviy saviyasi darajasi orqali aniqlasa boʻladi.
Yoshlarning ma'naviy qarashlari milliy, diniy, oʻz-oʻzini anglash holatlari, talablari, hayotdagi
faoliyati orqali oʻz aksini ifoda etadi. Shu yoʻnalishda oʻtkazilgan sosiologik tadqiqot natijalariga
koʻra, yoshlarning fikricha, odamning ma'naviyatini belgilab beruvchi asosiy sifatlar bu –
“Haqgoʻylik” (60,8%), “Milliy qadriyatlarni hurmat qilish” (55,5%), “Oʻz xalqining tarixini
yaxshi bilish”, “Milliy gʻurur tuygʻusini rivojlantirish” (44,2%), “Qalb pokligi” (39,1%),
“Kamtarlik” (39,5%), “Millatlararo va hududlararo bagʻrikenglik” (29,6%), “Ekstremistlarga
salbiy munosabat” (19,5%), “Mehnatsevarlik” (0,5%), “Madaniylik” (0,9%), “Bilimdonlik” (0,7%)
koʻrsatilgan. Soʻrov-tadqiqotlarda qatnashgan respondentlar fikriga koʻra, yoshlarimizning
yarmidan koʻpi poraxoʻrlikni – 54%, takabburlikni – 52,7%, shu bilan birga, ikkiyuzlamachilikni
– 17,3%, beparvolikni – 14,5%, tekinxoʻrlikni – 10,4%, yolgʻonchilikni – 1,7%, hasadni – 0,5%,
PEDAGOGIK ISLOHOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI
69
gʻiybatni – 0,6%, tuhmat, dangasalik va qoʻpollikni – 0,2% yoqtirmas ekan. Yoshlarning fikri
boʻyicha xalqning kuchi millatning birdamligida, uning olamshumul ahamiyati, avvalo,
iqtisodiyotida – 69,7%, qurolli kuchlarida – 44,6%, ilmda – 44,4%, siyosatda – 41,5%,
odobliligida – 37,7% deb ta'kidlashgan[2].
Natijalardan koʻrinadiki, yoshlardan “odamning ma'naviyatini belgilab beruvchi asosiy sifatlar”
soʻralganida, salbiy axloqiy qarashlarga juda kam foiz berilgani, axloqiy qadriyat sifatlari esa
yuqori baholangani oʻgʻil-qizlarimiz bugungi kunning yetuk, barkamol, vatanparvar farzandlari
sifatida kamol topayotganlaridan dalolat. Ta'kidlash joiz, Vatan soʻzining ma'nosiga Oʻzbekiston
yoshlari alohida urgʻu berishar ekan. Yoshlarning aksariyati “Dunyoda davlatlar koʻp, lekin
bizning Oʻzbekiston Vatanimiz – yagona va hech qayerda topilmaydi”, degan fikrlarni
bildirishgani diqqatga sazovordir.
Albatta, soʻnggi yillarda respublikamizda fan, madaniyat, ishlab chiqarish, ta'lim sohasida jadal
rivojlanishlar sur'ati yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Xususan, ta'lim tizimida amalga oshirilgan tub
islohotlar tizimga yangi axborot-kommunikasiya va pedagogik texnologiyalarning kirib kelishiga
asos boʻldi.
Inson ma'naviy olami boʻyicha oʻnga yaqin maqolalar muallifi Abduxalil Mavrulov oʻzining
“Vatanni sevish mas'uliyati” kitobida yoshlar haqida shunday fikrlarni ilgari surgan:
“Yoshlarimizning aksariyati davrning ruhini toʻgʻri his etmoqda. ... Ayni paytda yoshlarda aql va
farosatning mutanosibligini ta'minlashga boʻlgan intilish jamiyat barqarorligini mustahkamlovchi
omil sifatida baholanishi mumkin.
Erishilgan yutuqlar qatori yoshlarimizning ayrim qismida mavjud boʻlgan, ba'zan yangidan paydo
boʻlayotgan salbiy holatlar, ushbu vaziyatga ayrim kattalarning munosabatiyu oʻsha yoshlarning
bunday illatlarga nisbatan yondashuvi xavotirli. Ba'zi yoshi ulugʻlarning yoshlarimiz
dunyoqarashidagi muayyan salbiy oʻzgarishlarga nisbatan “zamon oʻzgardi, yoshlar ham
oʻzgardida yoki bunday holni “tabiiy jarayon” sifatida tahlil etishga urinishlar ham mavjudki, bu
har qanday ilm ahlini tashvishga solishi tabiiy”[3]. Bugungi globallashuv va tezkor rivojlanish
davrida insonlar oʻzgarmoqda, qadriyatlar transformasiyasi yuz bermoqda. Bular “ommaviy
madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik, individualizm, egosentrizm
gʻoyalarini tarqatish, kerak boʻlsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha
ming yillik an'ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma'naviy negizlariga bepisandlik, ularni
qoʻporishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qoʻymaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Yoshlar tarbiyasiga etarli e'tibor qaratilmagani oqibatida
oʻtgan yili (2016) 18 dan 30 yoshgacha boʻlgan fuqarolar tomonidan jami 31 ming 933 ta jinoyat
sodir etilgan”[4], – degan fikrlari barchamizni ogohlikka chorlaydi.
Madaniyat – milliy qadriyatning asosi boʻlib, kishilik jamiyati yoki biror xalqning ishlab
chiqarishda ijtimoiy va ma'naviy hayotda erishgan yutuqlari hisoblanadi. Qadimgi Rimda inson
tomonidan tabiatni oʻzlashtirish “Cultura” deb atalgan[5]. “Ommaviy madaniyat” tushunchasiga
oʻzbek olimlari quyidagicha ta'rif beradi: “Ommaviy madaniyat” – madaniyat mavjudligining
murakkab hamda hamma vaqt bir xil talqin qilinmaydigan oʻziga xos shakli. Ommaviy
madaniyatni Gʻarb madaniyati bilan bogʻliq hodisa deb tushunish, shuningdek, uni gʻoyasizlik,
sifatsizlik va didsizlik namunasi sifatida baholash keng tarqalgan”[6]. “Ma'naviyat: asosiy
tushunchalar izohli lugʻati”da ham xuddi shunday izoh berilgan[7]. Faylasuf olim A.Erkaev
“Ommaviy madaniyat” dunyoda juda tez va keng tarqaldi. “Ommaviy madaniyat”da ba'zi bir
ijobiy jihatlar bilan bir qatorda salbiy jihatlar ham koʻp. Eng avvalo, “ommaviy madaniyat”
insonni barcha sohalarda, jumladan, madaniyat va dam olish, boʻsh vaqtni tashkil qilish borasida
ham individualligini yoʻqotgan iste'molchiga aylantirib qoʻyadi. Uning iste'mol qilayotgan
ma'naviy-madaniy mahsulotlari, “san'at asarlari” esa standartlashgan, milliy qiyofasiz (pop-art)
tovarga aylanadi.
Musiqada va ashulachilikda “rep”, “rok” kabi janrlar, jangarilik, mistik-fantastik filmlar, trillerlar,
blokbasterlar fikrimizni tasdiqlaydi”,-deb yozadi. “Ommaviy madaniyat” niqobi ostida vaqti-vaqti
PEDAGOGIK ISLOHOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI
70
bilan paydo boʻladigan turli ijtimoiy harakatlar va guruhlar (“xippi”lar, “prank”lar, “roker”lar
hamda “gey”lar (besoqolbozlar) harakati, antiglobalistlar va sh.k.), fahsh va zoʻravonlikni,
“vampir”lik va jodugarlikni targʻib qiluvchi filmlar, ochiqchasiga pornografik sahnalardan iborat
video lavhalar, disklar va boshqalar ta,siri esa inson shaxsini emirishga, jamiyatni degumanizasiya
qilishga olib keladi. Bunday sharoitda yosh avlodni, milliy mada niyatni qanday himoya qilish
kerak, degan masalaning oʻzi jiddiy siyosiy, ma'naviy va ilmiy muammoga aylanadi”[8], – deb
haqli ravishda e'tirof etadi Sh.Gʻoyibnazarov.
Davlatimiz rahbarining “Yoshlar, xususan, oʻsmirlar orasida bezorilik, jinoyatlar soni ortishiga
qanday omillar sabab boʻlyapti? Ba'zi yigit-qizlar uchun mehr-oqibat, axloq-odob tushunchalari
butunlay begona boʻlib borayotgani, ularda befarqlik, mas'uliyatsizlik, mehnat qilmasdan kun
koʻrishga intilish kabi illatlar paydo boʻlayotgani achchiq boʻlsada, haqiqat”, – degan fikrlari ham
bejiz emas[9].
Bunday ma'lumotlar kishini beixtiyor oʻyga toldiradi. Xoʻsh, oʻsmirlar ota-ona, maktab,
mahallaning qurshovida, e'tiborida boʻlsa-da, bunday guruhlarga qanday qoʻshilmoqdalar?
Ma'lumki, inson huquqbuzarlik yoʻliga jamiyat, oila, maktab bilan uzviy aloqaning uzilishi tufayli
kiradi. Prezidentimizning “Yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajrashishlar koʻpayib
bormoqda. Begunoh bolalar etim boʻlib, mehr va e'tiborga eng tashna vaqtida otaona tarbiyasidan
chetda qolmoqda. ….Yana bir noxush holatni bugun afsus bilan aytmoqchiman: oilalarda
nosogʻlom munosabatlar, qaynona-kelin, er-xotin oʻrtasidagi janjallar, xotin-qizlarimiz orasida
oʻz joniga qasd qilish holatlari borligi shaxsan meni qattiq iztirobga solmoqda[10], – degan fikri
barcha oilalar, ta'lim-tarbiya tizimi, oila bilan bogʻliq davlat va jamoat tashkilotlarining bu
masalaga ilmiy, amaliy va innovasion jihatdan yondashishlari zarurligini koʻrsatmoqda. Oʻrtaga
qoʻyilayotgan oilaviy va yoshlar tarbiyasiga oid muammolarning quyidagi sabablari bor: a)
kattalarning oʻsmirlarga shaxs sifatida emas, ta'sir ob'ekti sifatida qarashi; b) oʻsmirlar kattalar ha
rakatida oʻzlariga mos boʻlmagan axloqni koʻrib, sezsalar ulardan qocha boshlaydilar, natijada,
ular oʻzlarini aldamaydigan, teng koʻradigan odamni izlashni boshlaydilar; v) juda koʻp bolalar
uchun oila hayotiy misollarda tajovuzkor axloq va psixik jarohatni keltirib chiqaruvchi
vaziyatlarning asosiy manbai hisoblanadi; g) oʻsmir oʻzi yashayotgan oilani doʻstlarining oilalari
bilan solishtiradi, undan toʻgʻri yoki notoʻgʻri xulosa chiqaradi; d) oʻqituvchi oʻsmirning oilaviy
sharoitini oʻrganmasdan muomala qilishi, uning axloqi keskin oʻzgarishiga ham olib kelishi
mumkin; e) oʻsmir hayotining sharoitlari (yetimlik, jinoyatchilik, jismoniy va psixik zaifliklar).
Jinoyatchilikning katta foizi hayot sharoiti oʻta ogʻir boʻlgan oʻsmirlar, ya'ni jinoyatchi, ota-ona
yoki har ikkovi muntazam spirtli ichimliklar iste'mol qiluvchi, janjalkash oilalarning bolalari,
jismoniy va psixik ogʻishga moyil boʻlganlar hisobiga toʻgʻri keladi. Oʻsmir va yoshlarni bunday
axloqiy holatlardan va turli-tuman ogʻishlardan, illatlardan, yomon guruhlarga kirib qolishdan
saqlashda najot koʻprigi boʻlib xizmat qiladigan yagona narsa – bu oʻsmir qalbiga yoʻl topa olish,
u bilan doʻstona, samimiy, oʻzaro ishonch asosiga quriladigan munosabat oʻrnata olishdir[11].
Ba'zi ota-onalar farzandi yaxshi inson boʻlishini istab, ularga e'tiborni haddan tashqari kuchaytirib,
oʻzlari bilmagan holda unga barcha sharoitlar, kompyuter, qimmat kiyim-kechaklar, kezi kelsa
qoʻliga pul, uyali telefon olib beradilar.
Bunday tarbiyani ilmiy tilda (giperopeka) deyiladi. Ota-ona koʻz qorachigʻiday asrab, butun kuch-
quvvati va mehrini berib, oqibatda boqibegʻam, landavur yoki tekinxoʻrni, mehr-shafqatsiz
farzandni tarbiyalashi ham mumkin. Bunday holatlarning oldini olishda bolani yoshligidanoq
uning xulqi shakllanishiga, milliy-axloqiy, ma'naviy-madaniy qadriyatlar, milliy istiqlol
mafkurasi asosida Vatanga sodiq qilib tarbiyalash maqsadga muvofiqdir.
Ma'naviy qadriyatlar amaliy jihatdan keng ma'noda insonning barcha xatti-harakati, faoliyati,
xulqi, odobi, insonlar bilan boʻlgan munosabatlarida namoyon boʻlsa, tor ma'noda odamlarning
falsafiy, diniy, siyosiy, axloqiy, huquqiy qarashlarida, tafakkuri, dunyoqarashlarida namoyon
boʻladi. Bugungi innovasion texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda chinakam ma'naviyatli
va ma'rifatli odamgina inson qadrini bilishi, oʻz milliy qadriyatlarini, milliy oʻzligini anglash,
PEDAGOGIK ISLOHOTLAR VA ULARNING YECHIMLARI
71
erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida oʻziga munosib
oʻrin egallashi uchun fidoyilik bilan kurasha olishi mumkin. Ma'naviyat inson ruhiyatini
ifodalaydi. Ya'ni, oʻzligini anglash, did-farosat, aql-idrok, yaxshilikni yomonlikdan, ezgulikni
jaholatdan, adolatni razillikdan, ogohlikni loqaydlikdan, oqillikni johillikdan ajrata bilish
qobiliyatini belgilaydi. Ma'naviyat cheksiz borliqning inson ruhida ifodalanishi hamda komil
insonning ongi, qalbi, vijdonidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Qayumov Oʻ. Fuqarolik jamiyatining shakllanishi sharoitida Oʻzbekiston yoshlarining
ijtimoiylashuv jarayonlari. T; “Ijtimoiy fikr” , 2011. B.44-45.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitusiyasi. . T; “Oʻzbekiston”, 2012. II-bob. 14-modda. B. 5.
3. Mavrulov A. Vatanni sevish mas'uliyati. T:“Sano-standart” B. 46.
4. Shavkat Mirziyoev. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga
koʻtaramiz. “Oʻzbekiston”, 2016.B.324
5. Slovar inostrannix slov. M;1964. S.348
6. Falsafa: qomusiy lugʻat. – T; «Sharq”, 2004. B.313.
7. Ma'naviyat: asosiy tushunchalar izohli lugʻati. T; Gʻofur Gʻulom nomidagi NMIU, 2010. B.460.
8. Qarang: Gʻoyibnazarov Sh. Ommaviy madaniyat T; “Oʻzbekiston”, 2012. B.13-14.
9. Shavkat Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga
koʻtaramiz. “Oʻzbekiston”, 2016.B.486
10. Yusupova L. Oʻzaro ishonch tarbiya vositasi boʻlsin. - Bola va zamon.№2. 2006. B.33.
11 Majidov N. Oila – muqaddas Vatan. Sogʻlom avlod uchun. №1.2000. B.19
